Bugun 25 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Shifokorlarning o‘zi o‘tadigan tibbiy ko‘rik pullikmi?

A A A
Shifokorlarning o‘zi o‘tadigan tibbiy ko‘rik pullikmi?

Parlament quyi palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Tibbiyot xodimlarining davriy tibbiy ko‘rigini tashkil etish masalalari: muammo va yechimlar” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklari, Bosh prokuratura, Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash hamda tibbiyot xodimlariga qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Yurtimizda tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Harakatlar strategiyasi doirasida tibbiyot sohasining barcha bo‘g‘in va yo‘nalishlarini isloh qilishga qaratilgan 70 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi.

Ushbu sa’y-harakatlar izchilligini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan joriy yilda mamlakatimizning 70 tuman va shahrida sog‘liqni saqlash tizimidagi holat o‘rganildi. Aniqlangan 2 mingga yaqin kamchilik va muammoning 800 ga yaqini deputatlarning amaliy yordami bilan bartaraf etildi.

Davra suhbatida qo‘mita olib borgan o‘rganishlar jarayonida xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilik ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan nazorat-tahlil natijalariga e’tibor qaratildi. Ma’lumki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘lgan tibbiyot xodimlari toifalari belgilangan. Bu jarayon bepul amalga oshirilishi kerak. Ammo deputatlar Toshkent, Farg‘ona, Navoiy va Namangan viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari faoliyatini o‘rganganda noqonuniy holat – pullik xizmat ko‘rsatilayotgani aniqlandi.

Davra suhbatida Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklariga byudjet tashkilotlari, jumladan, tibbiyot xodimlarini chiqimdor qilmasdan tibbiy ko‘riklarni tashkil qilish choralarini belgilash vazifasi yuklandi. Davolash-profilaktika muassasalarining sohadagi muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan taklif va mulohazalari tinglandi. 

 Manba: uza.uz

Kiritildi: 08:06 05.07.2018. O'qildi: 2786 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik