O‘zbekistonlik shifokor Hasan Kamilov Toshkentdan Seulga uchayotgan samolyotda ahvoli og‘irlashgan ayolga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatib, uning hayotini saqlab qoldi.
Shifokor voqea tafsilotlari haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatiga eksklyuziv intervyu berdi.
Vazirlik Matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Hasan Kamilov Samarqand shahridagi xususiy klinika rahbari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti izlanuvchisi hisoblanadi. U ayni paytda Koreya Respublikasining Chxunbuk universitetida malaka oshirmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, parvoz vaqtida yo‘lovchi ayolning ahvoli to‘satdan og‘irlashgan. Ekipaj zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokor chaqirgan.
Hasan Kamilov bemorga yordam berishga shoshilgan. Ayol og‘ir shok holatida bo‘lib, tanasi sovigan va ko‘karish belgilari kuzatilgan.
Shifokor o‘zi bilan olib yuradigan shoshilinch tibbiy yordam vositalari, shuningdek, «O‘zbekiston havo yo‘llari» ekipaji taqdim etgan kislorod niqobi va tibbiy jihozlar yordamida bemorga zarur yordam ko‘rsatgan. Natijada ayolning hayoti saqlab qolingan.
«Bu — qahramonlik emas, balki shifokorlik burchimiz va har kungi mashaqqatli mehnatimizning bir qismi», — deydi Hasan Kamilov.