Samarqandda davom etayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida kurash tobora qizg‘in tus olmoqda. Turnirning 9-turida O‘zbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoalarini juda jiddiy sinovlar kutib turibdi.
Erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston 14 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Navbatdagi raqib — AQSh terma jamoasi.
Amerikaliklar safida Fabiano Karuana, Uesli So, Levon Aronyan va Hans Nimann kabi mashhur grossmeysterlar bor. AQSh hozirga qadar ayrim ochkolarni boy bergan bo‘lsa-da, 13 ochko bilan O‘zbekistonning eng yaqin ta’qibchilaridan biri bo‘lib turibdi.
9-turda chempionlik poygasidagi boshqa jamoalar ham o‘zaro muhim bahslar o‘tkazadi. Germaniya Hindiston bilan, Xitoy Fransiya bilan, Ozarbayjon esa Armanistonga qarshi dona suradi.
Shu bois, ushbu tur natijalari yuqori o‘rinlar uchun kurashda katta ahamiyat kasb etishi mumkin.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham yaxshi sur’atda davom etmoqda. Avvalgi turda Niderlandiyani 3:1 hisobida mag‘lub etgan vakilalarimiz 13 ochko jamg‘arib, 6-pog‘onaga ko‘tarildi.
Qizlarimiz 9-turda amaldagi chempion Hindiston bilan to‘qnash keladi. Har ikki jamoa hisobida ham 13 tadan ochko bor.
Ayollar bahsida Xitoy — Armaniston hamda Qozog‘iston — Mo‘g‘uliston uchrashuvlari ham turnir jadvalidagi yuqori o‘rinlar taqdiriga ta’sir qilishi mumkin.