Bugun 12 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi xalqaro forumda nutq so‘zladi

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi xalqaro forumda nutq so‘zladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni va 2025 yil «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilinishiga bag‘ishlangan xalqaro forumda nutq so‘zladi:

Hurmatli delegasiyalar rahbarlari!

Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovga samimiy qabul va bugungi forumni yuksak darajada tashkil etgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Turkmaniston rahbariyatini va butun qardosh turkman xalqini milliy bayram — Doimiy betaraflik e’lon qilinganining 30 yilligi bilan tabriklayman.

Ushbu qutlug‘ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq bo‘lib kelayotganini o‘zida mujassam etadi.

Biz mazkur forumni tinchliksevarlik va tinchlikparvarlik g‘oyalarini ilgari surish, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalarni muloqot hamda muzokaralar vositasida hal qilish yo‘llarini izlash uchun muhim siyosiy platforma deb hisoblaymiz.

Hurmatli ishtirokchilar!

Turkman xalqining zamonaviy o‘ziga xosligining ajralmas qismiga aylangan Turkmanistonning betarafligi uning chuqur tarixiy an’analari, madaniy va ma’naviy qadriyatlariga, olijanoblik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanadi.

Bu fenomen turkman xalqining bugungi bosqichdagi ijobiy betaraflik falsafasining me’mori – Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovning hal qiluvchi roli tufayli butun dunyoda keng e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Tanlangan strategik yo‘nalish Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich tomonidan yangicha jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Turkmanistonning doimiy betaraflik modeli suverenitetni hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillari faol tinchlikparvarlik hamda diplomatik faoliyat bilan qanday uyg‘unlashishi mumkin ekanini yorqin namoyish etmoqda. Ashxobodda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani buning yaqqol dalilidir.

Biz O‘zbekistonda turkmanistonlik qardoshlarimizning strategik qarashlari va tashqi siyosiy yondashuvlariga ko‘p jihatdan qo‘shilamiz.

Shu bois, birodar Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish — fundamental qadriyatlardir. Aynan shu sababli biz umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusini ilgari surdik. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.

Ishonchimiz komilki, faqat o‘zaro hurmat va tushunishga tayangan gumanistik hamda inklyuziv yondashuvlargina zamonaviy xalqaro hamkorlik konstruksiyasini mustahkamlashga qodir.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida biz tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilash niyatidamiz.

Biz raisligimiz davomida kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027 yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilishni rejalashtirmoqdamiz. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegasiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturini qabul qilamiz. Uning amalga oshirilishida BMTning ixtisoslashgan institutlari, jumladan, Ashxoboddagi Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faol ishtirok etishiga umid qilamiz.

Hurmatli do‘stlar!

Global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Aynan shu sababli ham Turkmanistonning 2025 yilni «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilish haqidagi taklifi jahon hamjamiyatining eng muhim talablariga javob beradi.

O‘zbekiston ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladi va BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyusiyasining hammuallifi bo‘ldi.

Ushbu global g‘oya qarama-qarshiliklarni rad etadigan, mojarolarni muzokaralar stoli atrofida hal qilishga sodiq va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rish tarafdori bo‘lgan mamlakatlarning birlashishiga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.

Shuni ta’kidlashni istardimki, o‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari bizning Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatimizning ham asosidir.

O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, ko‘pqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor ko‘rsatdi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Turkmanistonning konstruktiv hamda tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.

Rasmiy Ashxobod 2018 yilda — ko‘p yillardan buyon birinchi marta Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga a’zo davlatlar rahbarlarining birinchi sammitini tashkil etgan holda, Jamg‘arma doirasida oliy darajadagi muloqotlarni qayta tiklashda katta rol o‘ynadi.

Shu yilning avgust oyida Avazada BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasining o‘tkazilishi mintaqada yagona transport-logistika makonini shakllantirishga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish va infratuzilmaviy bog‘liqlikni kuchaytirish orqali tinch yo‘l bilan rivojlantirishga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha bizning va Turkmanistonning yondashuvlari to‘liq mos keladi.

Ashxobodning energetika va suv xavfsizligi, barqaror transport bog‘liqligini ta’minlash, shuningdek, mintaqada ekotizimni himoya qilish bo‘yicha tashabbuslari bizning Markaziy Osiyodagi sa’y-harakatlarimizni tabiiy ravishda to‘ldirmoqda.

Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu g‘oyalar mujassam bo‘lgan bu takliflari uning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib o‘rin egallashiga aminman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

O‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan hamkorlik eng ulug‘vor rejalarni hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Shuning uchun ushbu rejalarni gumanitar hamkorlik orqali ilgari surish muhim.

Shu munosabat bilan kelgusi yili Toshkentda ijodiy jamoalar, olimlar va adiblar ishtirokida «Madaniyatlar muloqoti» deb nomlangan qo‘shma xalqaro gumanitar forumni tashkil etish, shuningdek, ta’lim, madaniyat va volontyorlik harakati sohalaridagi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish orqali yoshlarni tinchlik va ishonch jarayonini mustahkamlashga jalb etishga yo‘naltirilgan «Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida» mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qilamiz.

Qadrli do‘stlar!

Tinchlik va ishonch — umumiy farovonlik asosidir. Bu qadriyatlarni mustahkamlash butun xalqaro hamjamiyat uchun hal qiluvchi ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi zarur.

O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyor.

Forum ishtirokchilariga sermahsul faoliyat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va yanada ravnaq topishni tilayman.

Kiritildi: Bugun 13:41. O'qildi: 301 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!