Bugun 15 iyun, 2026 yil, dushanba

КИР

Seul shahri meri nochor mahallalardan birida hayot kechirmoqda

A A A
Seul shahri meri nochor mahallalardan birida hayot kechirmoqda

Seul shahri meri Park Von Sun yozning jazirama issig‘ida Seulning nochor mahallalaridan biridagi kichikkina xonadonda istiqomat qilyapti. Bu haqida KoreaTimes nashri xabar berdi.

Gap shundaki, shaharni boshqarish uchun uchinchi bor nomzodini qo‘ygan Park saylov kampaniyasi paytida agar mahalliy saylovlarda g‘alaba qozonsa, shaharning nisbatan qoloq tumanlaridan hisoblangan Gangbuk tumaniga ko‘chib o‘tish va u yerda bir oy yashab nisbatan nochor aholining hayoti qanday kechayotganini o‘z boshidan kechirib ko‘rishga va’da bergandi.

Joriy yilning 22 iyul kuni o‘zining hashamatli uyini tark etgan shahar meri ayni damda o‘z rafiqasi bilan Gangbuk tumanining Samyang-dong mahallasida 30 metr kvadrat kenglikdagi xonadonda istiqomat qilyapti. Yuqori qavatda joylashgan bu kabi xonadonlar Seuldagi eng arzon uylardan hisoblanadi. Shuning uchun ham yozda juda issiq, qishda esa juda sovuq bo‘ladigan bu kabi xonadonlar asosan kambag‘al aholi tomonidan ijaraga olinadi.

Seul meri yashayotgan uyda 2 xona va 1 hammom bor, lekin kondisioner mavjud emas.

«Bu uy yuqori qavatda joylashgan, menimcha juda issiq bo‘lsa kerak. Men bu yerdagi aholining dardini tinglashga va muammolarni yaqindan o‘rganishga harakat qilaman», – degan edi janob Park.

Bu yili Janubiy Koreyada jazirama rekord darajaga yetgan. Kondisionersiz xonadon topilmaydigan Seul shahrida shahar meri bir dona ventilyator bilan kun ko‘ryapti.

Ko‘pchilik siyosatchilar merning bu harakatini ishonchsizlik bilan qabul qilgan bo‘lsa-da, yangi qo‘shnilar uning bu ishidan minnatdor.

“Samyang-dong mahallasi rivojlangan infrastrukturaga muhtoj, uning bu yerda yashashi katta o‘zgarishlarni olib keladimi-yo‘qmi hali bilmaymiz, ammo bu uning uchun yaxshi tajriba bo‘ladi va bu hududning hayotini yaxshiroq tushunib olishiga yordam berishiga ishonaman”, – deydi merning qo‘shnilaridan biri.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 16:32 30.07.2018. O'qildi: 1483 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!