Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

​​Sergelidagi «tungi badbo‘ylik» muammosi hal etiladi

​​Sergelidagi «tungi badbo‘ylik» muammosi hal etiladi

Sergeli tumani «O‘zgarish» mahallasida istiqomat qiluvchi aholi uzluksiz, yoqimsiz hid kelayotganidan shikoyat qilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Oliy Majlis Senati matbuot xizmatning ma’lum qilishicha, chiqindi suvlarni ifloslantiradigan bir qator korxonalarni tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

Mazkur holat Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan shu kunning o‘zida nazoratga olinib, dastlabki o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatda o‘ta kuchli bo‘lgan badbo‘y hid «Salar »suv tozalash inshooti birinchi quvurining kirish qismidagi oqova suvlardan chiqayotgani ma’lum bo‘lgan. Mexanik tozalashdan so‘ng, oqova suvlar ochiq lotok orqali 500 metr masofada biologik tozalash inshootiga oqib borish jarayonida biologik tozalash inshootidan shamol esgan tomonga badbo‘y hidlar tarqalmoqda.

«Salar» tozalash inshootiga 533 ta korxonaning ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan oqova suvlari tashlanadi. «Toshkent shahar suv ta’minot» MCHJ tomonidan noxush hidlarning chiqishiga sabab bo‘lib kelayotgan 18 ta potensial xavfli korxonalar ro‘yxati taqdim qilingan. Ular orasida 5 ta charm sanoati, 6 ta to‘qimachilik korxonalari bor.

Ushbu 18 ta ishlab chiqarish korxonalarida tekshiruvlar amalga oshirish maqsadida, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishuv asosida o‘rganish ishlari boshlab yuborilgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha nosoz lokal tozalash inshootlari aniqlangan korxonalarda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar kanalizasiya tarmog‘idan uzib qo‘yish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, mazkur korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, shuningdek, 5 ta charm sanoat korxonalarni Toshkent shahar hududidan tashqariga ko‘chirishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

Kiritildi: 15:25 13.05.2021. O'qildi: 2649 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!