Bugun 16 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Saylovlarga qadar Isroil va Eron o‘rtasida urush kutilmayapti

Saylovlarga qadar Isroil va Eron o‘rtasida urush kutilmayapti

Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid 27 oktyabrdagi parlament saylovlariga qadar Eron bilan urush boshlanishi kutilmayotganini bildirdi. U bosh vazir Binyamin Netanyahuni saylovoldi kampaniyasida xavfsizlik tahdidlaridan siyosiy maqsadlarda foydalanishda aybladi.

Lapidning 103 FM radiostansiyasiga aytishicha, mavjud razvedka ma’lumotlari Eron bilan yangi urushga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ko‘rsatmayapti. U Netanyahu ehtimoliy hujumlar va harbiy mojaro haqidagi ogohlantirishlar orqali jamoatchilik e’tiborini boshqarishga urinayotganini ta’kidladi.

Ayni paytda, The Times of Israel nashri xabar berishicha, Netanyahu Tel-Avivdagi Kiriya harbiy bazasida xavfsizlik idoralari vakillari, jumladan, mudofaa vaziri Israel Kas bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralarda Eron bilan keskinlikning kuchayishi, G‘azo sektori va Livandagi vaziyat muhokama qilingan.

Avvalroq Netanyahu Isroil dushmanlari saylovlar arafasida hujumlar uyushtirishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Lapid esa bu bayonotlarni jamiyatda qo‘rquv uyg‘otishga urinish deb baholadi.

So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, Isroilda muxolifat partiyalari Netanyahu blokidan oldinda bormoqda. Biroq ular hozircha parlamentda ko‘pchilikni shakllantirish uchun yetarli o‘rinlarni qo‘lga kiritishi aniq emas.

Kiritildi: 20:53 14.10.2026. O'qildi: 503 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!