Saudiya Arabistoni hukumati Saudi Aramco davlat neft kompaniyasining Zahron shahridagi bosh qarorgohiga hujum uyushtirilganini tasdiqladi. Mamlakat Energetika vazirligi bayonotiga ko‘ra sodir bo‘lgan hujum oqibatida majmua hududida yong‘in yuzaga kelgan. Hodisada hech kim jabrlanmagan.
Reuters'ning Saudi Aramco kompaniyasidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, majmua binolaridan biriga ballistik raketa kelib tekkan va uning yuqoridagi uch qavatiga zarar yetkazgan.
Saudiya Arabistonining sharqida joylashgan Zahron shahridagi bosh qarorgoh hududida Saudi Aramco kompaniyasining yirik boshqaruv markazi joylashgan. Ushbu markaz quruqlik va dengizdagi ko‘plab neft qazib olish inshootlari, quvurlar, neftni qayta ishlash zavodlari hamda eksport terminallarining faoliyatini boshqaradi.
Avvalroq Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari koalisiyasi Zahron osmonida raketa urib tushirilganini ma’lum qilgandi. Uning qoldiqlari aholi yashaydigan hududga qulagan. Ushbu koalisiya Yamandagi husiylarga qarshi kurash olib bormoqda.