Bugun 19 yanvar, 2026 yil, dushanba

КИР

Sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish boshlandi

Sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi «O‘zbekiston-2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi 16-sonli Farmoniga muvofiq, mamlakatda ekologik jihatdan xavfli va energiya sarfi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiya qilish hamda ularni bosqichma-bosqich shaharlar tashqarisiga ko‘chirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Maxsus komissiya tomonidan sanoat korxonalari poytaxt hududidan tashqariga ko‘chirilmoqda. Bir sanoat korxonasini ko‘chirish shaharda yiliga 226 tonnadan ortiq tashlamani qisqartirish imkonini beradi. Mazkur hujjatda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlaridan asbest va sement sanoati, charm-poyabzal hamda parrandachilik ishlab chiqarishlari, qora va rangli metallurgiya, shuningdek, energiya iste’moli yuqori bo‘lgan boshqa tarmoqlarga mansub korxonalarni ko‘chirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Xususan, Toshkent shahrida faoliyati ushbu talablarga mos keladigan 87 ta korxona mavjud bo‘lib, ularni ko‘chirish mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiya qilish va texnologik jarayonlarni zamonaviy ekologik standartlarga muvofiqlashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Maxsus komissiya tomonidan sanoat ob’ektlarida doimiy ravishda reyd tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrining Yangihayot tumani Janubiy sanoat zonasida ikkilamchi rangli metallarni yig‘ish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «O‘zvtorsvetmet» AJ faoliyati tekshirildi. Mazkur korxona ekologik xavflilikning I toifasiga mansub ob’ekt hisoblanadi.

2025 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlangan. Korxonaga majburiy ko‘rsatma berilib, yetkazilgan ekologik zarar uchun 18 milliard 91 million 717 ming 137 so‘m miqdorida kompensasiya hisoblandi.

Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ko‘rsatmalariga asosan, atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish maqsadida korxona Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladi va Yangihayot tumani hududida ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatadi.

Kompensasiya to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar hisobidan eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritish pechlari utilizasiya qilinadi hamda korxona faoliyatini zamonaviy ekologik talablarga to‘liq javob beradigan, texnologik jihatdan takomillashgan uskunalarda davom ettiradi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga o‘rtacha 226,7 tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olinishi kutilmoqda. Bu esa Toshkent shahrining Yangihayot tumanida havo sifatining sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Kiritildi: Bugun 11:45. O'qildi: 446 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!