Bu hol ko‘pchilik uchun yangilik emas. Ayniqsa, keyingi yillarda Samarqand shahrida ayollar bunga o‘zlari guvoh bo‘lishgan. Shuning uchun ular bilan bu haqda suhbatlashganimda hayron qolishgani yo‘q. Xo‘sh, nega bu hol ro‘y beryapti?
Yoz oylarida Samarqand shahridagi tug‘ruqxonalarda nafaqat ularning hovlisi, balki ichkarida ham odam juda gavjum ekani hech kimni ajablantirmaydi. Viloyat perinatal markazida, shahardagi 1-son tug‘ruqxonada ham shu hol. Mutasaddilar homilador ayollar ko‘pligini ta’kidlashadi.
Samarqand shahridagi 2-sonli tug‘ruqxonaga borganimizda qabul bo‘limidagi holat ham tug‘ruq bo‘limida joy yo‘qligi bilan bog‘liq edi. Oqdaryolik ayol ko‘zi yorish arafasida. Avvaliga perinatal markazga borganligini aytdi, ular bu yerga jo‘natishgan ekan. Bu tug‘ruqxonada ham joy yo‘qligini eshitgach, turmush o‘rtog‘i baqir-chaqir qila boshladi. Iloji qolmagan shifokorlar "Koridorda yotishga rozimisiz?", deb so‘rashdi. Ular rozi bo‘lishdi. Men esa ulardan nega Oqdaryodagi tug‘ruqxonaga bormaganini so‘radim.
– Biz Dahbedda yashaymiz. Oqdaryodan ko‘ra, Samarqand shahri bizga ancha qulayroq, – deb javob berdi ayolning turmush o‘rtog‘i Sardorbek. – 1-sonli tug‘ruqxonaga boraylik, desam u yerda ham shunday holat bo‘lsa kerak, deb o‘ylayapman.
2-son tug‘ruqxona bosh shifokori o‘rinbosari Zamira Bahromova hamrohligida muassasa bilan tanishar ekanmiz, haqiqatan ham palatalar to‘la ekanligi hatto yo‘laklarga ham ayollar joylashganiga guvoh bo‘ldik.
– Qabul qilingan me’yorlarga ko‘ra, shahar tug‘ruqxonalari 2-darajali tug‘ruqxona sanalib, ularga biriktirilgan tumanlardan og‘ir ahvoldagi homilador ayollarni qabul qilishimiz zarur, – deydi Z.Bahromova. – Ammo Samarqand shahriga yaqin tumanlardan ham ko‘zi yorish arafasida kelib turgan ayolni qabul qilmaslikka haqimiz yo‘q. Shuning hisobiga tug‘ruqxonaga keluvchilar soni bir kunda 20-30 nafarni tashkil etmoqda. Ya’ni, 150 o‘rinli bo‘limda ayni kunlarda 200 dan ziyod ayollar farzandlari bilan shifokor nazoratidadir.
Tashqarida qizlari, kelinlari holidan xabar olgani kelgan onalar bilan suhbatlashaman. Nega aynan shu tug‘ruqxonani tanlagani haqidagi savolimga quyidagicha javoblar bo‘ldi:
– Tumanimizdan ko‘ra, shahar bizga yaqinroq.
– Baribir shahar shifokorlari tajribaliroq, nevaramiz sog‘lom tug‘ilsin, deb shu yerga olib keldik.
– Yo‘llanmani shu shifoxonaga berishgandi, shuning uchun bu yerga kelaverdik.
Tabiiyki, tug‘ruqlar soni ko‘pligi, bu muassasada har bir ayolga ajratilayotgan dori-darmonlarning yetishmasligi, tibbiyot muassasasidagi jihozlarning ham muddatidan oldin ishdan chiqishi kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Haqiqatan ham tug‘ruqxona xodimlarining aytishicha, u yerda jarrohlik stollari, yumshoq inventarlar eskirib ketgan, kir yuvish mashinasining uchtadan faqat bittasi ishlaydi.
Agar raqamlar misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, birgina shu yilning o‘zida mazkur muassasada ikki yarim mingdan ortiq chaqaloq tug‘ilgan. Ularning 1261 nafari tumanlardan kelgan ayollar hisobiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p kelayotgan homilador ayollar Samarqand tumanidan ekan.
Solishtirish uchun aytish mumkinki, o‘tgan oyda Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limiga borganimizda, u yerda 45 o‘rinli bo‘limda olti oy davomida 700 ga yaqin tug‘ruq qabul qilinganidan xabardor bo‘lgan edik. Bu raqamlar ham kichkina ko‘rsatkich emas, ammo tug‘ruq bo‘limidagi palatalarda karavotlar yetarli, hatto bo‘sh joylar ham anchagina ekaniga guvoh bo‘lgandik. Bugun barcha shahar va tumanlardagi tug‘ruq bo‘limlari zamonaviy shart-sharoitga ega. Ammo tumanda yashovchi, ikkinchi bora kesar kesish orqali farzandli bo‘lishi kutilayotgan ayol ham shahar tug‘ruqxonasiga jo‘natiladi. Nima, shunday eng oddiy amaliyotni tuman tug‘ruqxonasidagi shifokorlar amalga oshira olmaydimi? Axir shifokorlarning barchasi bir joyda ta’lim oladi, qolaversa, yaratilgan sharoitlar ham deyarli bir xil-ku. Tug‘ruqxonalarni tabaqalashtirish to‘g‘rimikan? Har bir tug‘ruqxona eng qiyin ahvoldagi onaga ham yetarli darajada yordam ko‘rsata olishi lozim emasmi? Umuman, ushbu tajriba amalda qay darajada o‘z natijasini berdi? Tug‘ruqxonalarni darajalash onalar o‘limi kamayishiga olib kelishi kutilgan edi. Ammo 2009 yilda viloyatda 13 nafar, 2010 yilda 11 nafar ona o‘limi qayd etilgan. 2018 yil boshidan buyon esa 9 nafar. Bu raqamlar ham ushbu tizim o‘zini oqlamayotganini ko‘rsatyapti. Holat bo‘yicha mutaxassislarning izohini kutib qolamiz.
Shu o‘rinda boshqa davlatlardagi statistikaga e’tibor qaratsak. Misol uchun, Gruziyada bir yilda 60 mingga yaqin tug‘ruq sodir bo‘lar ekan. Ushbu mamlakatda 100 ta tug‘ruqxona mavjud bo‘lib, ularning har biriga bir yilda o‘rtacha 600 ga yaqin tug‘ruqlar to‘g‘ri keladi.
Ehtimol, onalarimizning yo‘laklarda yotib bo‘lsa ham farzandli bo‘lishga roziligiga sabab tug‘ruqxonalarimizning yetarli emasligidadir? Bunga mutaxassislar nima deydi?
Manba: darakchi.uz