Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Samarqanddagi jinoyat: Shurikning oxirgi sarguzashti

Samarqanddagi jinoyat: Shurikning oxirgi sarguzashti

Samarqand viloyatining chekka qishloqlaridagi maktablarning biridan o‘qotar qurol o‘g‘irlanadi. U paytlarda o‘rta maktablarda o‘quvchilarga boshlang‘ich harbiy ta’lim darsi o‘tilardi. Harbiy ta’lim xonasidan o‘g‘irlangan qurollar ancha vaqt topilmaydi. Men Samarqand shahrining Temiryo‘l tumani IIB jinoyat qidiruv xizmatiga ishga o‘tganimdan keyin do‘konlarning birida bo‘lgan o‘g‘rilik jinoyatining ana shu qurol o‘g‘rilariga aloqasi borligi sezilib qoldi. Chunki noma’lum shaxslar do‘kon qorovulini otib o‘ldirib, keyin o‘g‘rilikni amalga oshirgan edi.

O‘sha kezlari jinoyatchilar orasida Garrik, Maxno, Shurik ismli shaxslar borligi haqida eshitib qoldik. Ammo bu laqab edi, chunki o‘g‘rilik qilganlar hech qachon o‘z ismini oshkor etmaydi. Jinoiy guruh a’zolari o‘z ismini «sir» saqlaydi va bir-biriga laqab qo‘yib oladi.

Bir emas, uchta og‘ir jinoyat sodir etib, jazo muddatini o‘tayotgan bir shaxs viloyat IIBga Samarqand shahrida sodir etilgan qotillik jinoyatini kimlar sodir etganini bilaman, deb xat yozadi. Avvaliga ishonmadik, chunki hech narsadan hech narsa yo‘q sheriklarini sotgan jinoyatchilar juda kam uchraydi. Hujjatlar bilan tanishsam, u o‘zining qilgan jinoyatlari uchun qamalgan bo‘lib, sheriklari bo‘lmagandi. Shunday bo‘lsa ham, xatga javoban, qirqqa yaqin savol bilan xat yo‘lladim. Tez orada hamma savollarga javob keldi. Savollarning birida jinoyat olamidagi Garrik, Maxno va Shurikning asl ism-sharifini so‘ragandim. Javob kelgach, ularning qayerda yashashi va kimligi ma’lum bo‘ldi. Jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning yozishicha, guruhga Shurik laqabli yigit bosh­chilik qilgan va mayda-chuyda o‘g‘rilik bilan shug‘ullanib yurarkan.

Mahkumning yozishicha, bu uchlik bilan birga talonchilik, o‘g‘rilik va nomusga tegish jinoyatlarini sodir etishda ishtirok qilgan. Ichki ishlar organlari xodimlari yigitni qo‘lga olishadi. Sheriklari esa qo‘lga tushgan yigitga hammasini bo‘yningga olaver, seni o‘zimiz qutqarib olamiz, deb ishontirgan. Ko‘p yillar hamtovoq bo‘lgan yigit hamma aybni o‘z bo‘yniga olgan. Bir necha og‘ir jinoyatni sodir etgan shaxs sifatida uzoq muddatga qamalgan. Biroq va’dasini unutgan sheriklari undan xabar olmagan. Ularga xat yozgan, uchrashuvga kelishlarini iltimos qilgan, ammo javob bo‘lmagan. Bu unga alam qilgan va bir men jazo muddatini o‘taymanmi, ular ham jabrini tortsin, deb viloyat IIBga xat yozgan.

Maxno bilan Garrikni topish qiyin bo‘lmadi. Ammo Shurik qidiruv haqida bilib qolgach, yashirindi. Uni goh u viloyatda, goh bu viloyatda uchratishgani haqida xabarlar kelardi. Oxiri Qozog‘istonga o‘tib ketdi, degan ma’lumot oldik. U paytlar chegara bo‘lmagani uchun osongina ovloq joydan o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin edi. Qidiruv va surishtiruvni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildik. Keyin yaqinlarining bundan xabar topishiga erishdik.

O‘z oylaridan birida Shurikning yaqinlaridan biri tug‘ilgan kunini nishonlaydigan bo‘ldi. Bu ziyofatdan Shurikning xabari bo‘lgan, albatta. Qidiruv va surishtiruv to‘xtaganini bilgandan keyin ziyofatga kelishga harakat qilishi aniq. Yana bir ishonch­li kishidan uning kelishini bildik. Ziyofatga kirib o‘tirganida qo‘lga olish noqulay, umid bilan yozilgan dasturxon ustida ko‘ngilsiz ish bo‘lishini istamay, uning qaysi yo‘ldan kelishi mumkinligini taxmin qilib, pistirma qo‘ydik.

Nihoyat Shurik ko‘rindi. U paytlar avtomashinalar kam bo‘lgani uchun katta yo‘l bo‘ylab mashinada kelib, bu yog‘iga piyoda kela boshladi. Men «Jiguli» mashinasida ortidan bordim va:

– Birodar, shu mahallada yubiley bo‘layotgan ekan, qaysi xonadon ekanligini ko‘rsatib yubora olmaysizmi? – deya so‘radim.

Shurik bir cho‘chib tushdi va hadiksirab:

– Men ham yubileyga ketyapman, – dedi.

– Yo‘limiz bir ekan, chiqing mashinaga, birga boramiz, – dedim.

U avval atrofga qaradi, keyin istar-istamas, omonatgina o‘tirdi. Mashina ichidagi xodim:

– Bemalol o‘tiravering, bir otamlashib kelamiz, – dedi kulib.

Sal yurganimizdan keyin yana bir xodim yo‘ldan chiqdi va u ham tezda mashinaga o‘tirdi. Ikki xodim o‘rtasida qolgan Shurik nima qilarini bilmay, tushmoqchi bo‘lib harakat qilgandi men unga:

– Shurik, sarguzasht tugadi, hibsdasan, – dedim va mashinani tuman IIBga haydadim...

Tojiddin ODILOV,

iste’fodagi podpolkovnik.

Samarqand viloyati.

Manba: postda.uz

Kiritildi: 13:12 09.01.2020. O'qildi: 3273 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!