Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan kontrabanda qilingan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan Urgut tumanida yashovchi, 1989 va 1992 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro aylanma yo‘llar orqali Tojikiston Respublikasining Panjikent tumaniga borib, narkosavdogarlardan sof og‘irligi 14 kg 766 gr “opiy” va 14 kg 958 gr “gashish” moddalarini olib, “o‘zbek-tojik” davlat chegarasini buzgan holda, O‘zbekiston hududiga qaytib o‘tgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Boshqa holatda esa Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, Samarqand shahar “Orzu” MFY hududida joylashgan xususiy avtomashina garaji xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, undagi maxsus tayyorlangan xufiya joyda bo‘lgan marmar toshlar orasiga 9 kg 40 gr opiy ekstraksiyasi yashirilganligi aniqlandi.
Ta’kidlash lozimki, odatda bunday narkotiklar xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, garaj egasini qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda
Qayd etish kerakki, har ikki holatdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun qonunchilikda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.