2024 yil 12-17 fevral kunlari Samarqandda Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kuni kecha O‘zbekiston hukumati va CMS kotibiyati tomonidan ushbu tadbirning rasmiy logotipi va shiori tasdiqlandi.
Konferensiya "Tabiat chegara bilmaydi" shiori ostida tashkil etiladi. Konferensiya logotipida O‘rta Osiyo yodgorliklarining mashhur jozibali koshinlarini eslatuvchi naqsh bilan bezatilgan qanotli qor qoploni tasvirlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yovvoyi tabiatda bor-yo‘g‘i 2700 dan 3300 gacha qor qoploni mavjud.
Uch yilda bir marta o‘tkaziladigan xalqaro yig‘ilishda yashash muhitini saqlash va tiklash masalalari, shuningdek, haddan tashqari ekspluatasiya, yashash joylarining yo‘qolishi va parchalanishi, ifloslanish va iqlim o‘zgarishi kabi turlarga tahdidlar muhokama qilinadi.