Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitidan keyin Samarqand shahrida keyingi uch yilda 4 ta yerosti yo‘lagi quriladigan bo‘ldi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Samarqand shahrida 2019-2022 yillarda barpo etiladigan tonnel va ko‘priklar, shuningdek, quriladigan, ta’mirlanadigan va rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo‘llarining manzilli ro‘yxati tasdiqlangan.
Natijada uch yil ichida loyiha qiymati 272 milliard so‘m, umumiy uzunligi 190 metr bo‘lgan Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishuvida (53 metr), Mirzo Ulug‘bek va Gagarin ko‘chalari kesishuvida (47 metr), Dahbed va Ibn Sino ko‘chalari kesishuvi (50 metr) hamda Rudakiy va Gagarin ko‘chalarining chorrahalarida (40 metr) yerosti yo‘laklari — tonnellar quriladi.
Qurilish ishlari respublika byudjeti va "Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi" mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
"Samarqandda yerosti yo‘lagi nega ko‘mib tashlangan edi? Chunki biz undan foydalanish tartibiga rioya qilmadik. Hech bo‘lmaganda chiqindi tashlaydigan ikki-uchta quti qo‘yilmadi. Oqibatda uni mahkamlab tashlashni ma’qul ko‘rdik. Vaholanki, butun dunyo yerosti yo‘laklaridan unumli foydalanmoqda. Hatto yerosti avtomobillari to‘xtash joylari, hojatxonalar qurilayotir. Transport harakati tig‘izlashgan paytda biz ko‘chalar torligidan nolib yuribmiz", deyiladi viloyat matbuot xizmati xabarida.