O‘zbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Panjakent tumani orasidagi ikki davlat chegarasi minalardan tozalanmoqda, deb yozmoqda Turon24.
Tojikiston Respublikasi milliy xavfsizlik davlat Qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari Bosh boshqarmasi matbuot kotibi podpolkovnik Muhammad Ulug‘xo‘jayevning aytishicha, ikki davlat chegarasini minalardan tozalash ishlari shu hududdan boshlandi. Mazkur hududni minalardan tozalashda O‘zbekiston sapyorlariga Tojikiston mutaxassislari ham yordam bermoqda.
Chegara qo‘shinlari Bosh boshqarmasi matbuot kotibining aytishicha, amaliyot boshlanishidan avval Tojikiston Chegara qo‘shinlari, Mudofaa vazirligi va Milliy mina markazi mutaxassislari kiritilgan ikki davlat ishchi guruhi Toshkentdan taqdim etilgan minalashtirilgan hudud xaritasini o‘rganib chiqishgan. Shundan so‘ng minalarni zararsizlantirish ishlarini Samarqand–Panjakent chegarasi hududidan boshlashgan.
Bir necha kun oldin tojik-o‘zbek chegarasini minalardan tozalash boshlangani to‘g‘risida Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar Markazi rahbari Xudoyberdi Xoliqnazar ma’lum qilgan edi.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi minalashtirilgan chegara uchastkalarining umumiy maydoni 9,5 kilometr kvadratni tashkil qiladi.
Manba: azon. uz