Rossiyaning Maks messenjeri App Storedan yo‘qolib qoldi. Uning Apple ilovalar do‘konidan g‘oyib bo‘lgani haqida messenjer matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Maks messenjerini qolgan ilovalar do‘konlaridan hamon o‘rnatish mumkin.
“Foydalanuvchilarning smartfonlariga avvalroq o‘rnatilgan ilova odatdagi tartibda ishlashda davom etadi. MAX jamoasi Applega tushuntirish so‘rab murojaat qildi va muammoni tezkorlik bilan hal etish ustida ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.
Max — bu 2025 yil mart oyida VK kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Rossiyaning milliy muloqot va “super-ilova” (superapp) platformasi. Unda matnli va ovozli chatlar, video qo‘ng‘iroqlar, fayl almashish (4 GB gacha), chat-botlar, mini-ilovalar va GigaChat 2.0 AI-assistent kabi funksiyalar mavjud. Undan shuningdek Rossiya tez to‘lov tizimi (SBP) orqali pul o‘tkazish amalga oshiriladi.
1-sentabrdan boshlab Rossiyada sotiladigan barcha yangi smartfon va planshetlarga Max oldindan o‘rnatilishi majburiy qilindi.
2026 yil mart oyiga kelib servisda 100 mln foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgani e’lon qilindi. Aprel oyida esa ilova nomi “Max"dan “Maks"ga o‘zgartirildi.