Bugun 23 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Rossiyada yoqilg‘i inqirozining yangi to‘lqini boshlandimi?

Rossiyada yoqilg‘i inqirozining yangi to‘lqini boshlandimi?
Mamlakatda benzin qimmatlashmoqda, “zapravkalar”da yana navbatlar yuzaga keldi, hatto motor moyida ham taqchillik bor “Rosstat” ma’lumotlariga ko‘ra, 11 avgustdan 17 avgustgacha bo‘lgan davrda mamlakatning 40 ta hududida benzin narxi oshgan. Eng yuqori o‘sish Krasnoyarsk o‘lkasida qayd etilib, 8,1 foizni tashkil etdi. “Kommersant” nashrining Rossiya Yoqilg‘i-energetika kompleksi markaziy dispetcherlik boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, yil boshidan 12 iyulgacha bo‘lgan davrda “zapravkalar”da AI-92 va AI-95 markali benzin narxi o‘rtacha 7,4 foizga oshgan. Dizel yoqilg‘isi esa 12,1 foizga qimmatlashgan. Muammolar nafaqat benzin narxida, balki uning yetishmovchiligida ham kuzatilmoqda. Moskva va Sankt-Peterburgdagi ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmoqlarida yoqilg‘i sotishga yana cheklovlar joriy qildi. Har ikki shaharda ham “Tatneft” yoqilg‘i quyish shoxobchalarida bir kishiga 50 litrgacha benzin va 60 litrgacha dizel sotilmoqda. “Gazprom neft” shoxobchalarida esa kishi boshiga 60 litrgacha benzin sotilmoqda. “Rossiyskaya gazeta”ning yozishicha, moskvaliklar navbasiz yoqilg‘i quyishga ulgurish uchun ertalab soat beshda uyg‘onmoqda. Yoqilg‘i uchun uzun navbatlar yuzaga kelmoqda. Mamlakatdagi benzin bilan bog‘liq vaziyatni ochiq manbalar orqali kuzatib boruvchi “BenZinMap” portali ma’lumotlariga ko‘ra, 20 avgust holatida Rossiyaning kamida 59 ta hududda yoqilg‘i sotishga qat’iy cheklovlar kiritilgan. Rossiyaning yana 17 ta subektida mahalliy uzilishlar yoki sezilarli narx o‘sishi kuzatilmoqda. “GdeBenz” ilovasi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 avgust holatiga ko‘ra benzin va dizel yoqilg‘isi Rossiyadagi shoxobchalarning bor-yo‘g‘i 28 foizidagina mavjud bo‘lgan. Yoqilg‘i inqirozining yangi to‘lqini fonida motor moylarini yetkazib berishda ham uzilishlar paydo bo‘ldi. Hozircha to‘liq taqchillik yo‘q, biroq ayrim turlar savdodan g‘oyib bo‘lgan, yetkazib berish muddatlari uzaygan, ba’zi segmentlarda esa narxlar 40 foizgacha ko‘tarilgan. Qisqa tanaffusdan so‘ng, Ukraina Rossiyaning neftni qayta ishlash korxonalariga yana zarbalar bera boshladi. Ushbu hujumlar oqibatida so‘nggi bir oy ichida kamida uchta neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Neftni qayta ishlash zavodlarini ta’mirlash ishlari yarim yilgacha davom etishi mumkin. Bundan tashqari, so‘nggi bir necha hafta ichida Volgograd, Saratov, Yaroslavl, Nijnekamsk, Samara, Krasnodar va Boshqirdistondagi NQIZlarga dronlar orqali zarbalar berilgani xabar qilindi.
Kiritildi: 12:42 21.08.2026. O'qildi: 754 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!