Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Rossiyada qullikda yashagan o‘zbekistonlik ayol: «Erim meni va boshqa xotinlarini mebel kabi ijaraga bergan»

Rossiyada qullikda yashagan o‘zbekistonlik ayol: «Erim meni va boshqa xotinlarini mebel kabi ijaraga bergan»

Global Slavery Index ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yildagi hisob-kitoblar bo‘yicha Rossiyada 794 ming nafar odam qullik va odam savdosi qurboniga aylangan. Mamlakat bu borada dunyoda 64-o‘rinni egallaydi. Rossiyaga asosan Markaziy Osiyo davlatlarida yashovchi mehnat muhojirlari keladi. Ular qurilish, kommunal xizmatlar va boshqa sohalarda majburiy mehnatga jalb qilinadi, deb yozmoqda «Cabar.asia»ga tayanib "Daryo".

Rossiya mehnat konfederasiyasi huquqshunosi Oleg Babichning aytishicha, reytinglarda raqamlar real holatni aks ettirmaydi.

Babichning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab migrantlar qul o‘rnida ishlaydi va jamoatchilik bu borada yetarli ma’lumotga ega emas. Aksariyat odamlar bu haqda gapirish va jonini xatarga qo‘yishni istamaydi. Yuristning fikricha, Rossiyada 1,5 milliondan ziyod mehnat muhojirlari noqonuniy faoliyat olib boradi va ularning 60 foizi qullikka mahkum.

Rossiyada «Alternativa» qullikka qarshi volontyorlar harakati asoschisi va yetkachisi Oleg Melnikov 9 yildan buyon jamoasi bilan birgalikda odam savdosi qurboni bo‘lgan insonlarni izlash va ularni qullikdan ozod qilish bilan shug‘ullanib keladi.

Uning so‘zlab berishicha, ushbu davrda jamoa Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan 20 ming nafarga yaqin muhojirga yordam qilgan.

«2011 yilda tanishlarimdan biri murojaat qilib, Dog‘istondagi qarindoshini qullikdan qutqarishni so‘radi. Men unga yo‘q deya olmasdim. Dog‘istonda besh kishini — ikki nafar ayol va uch erkakni qullikdan ozod etdik. Shundan keyin bu kabi illatlar qurboniga aylanganlarga yordam berishga qaror qildim», — deydi Melnikov.

Volontyorlar yetakchisi ko‘pchilik guruhdan yordam so‘rashi, biroq hammaga ham ko‘mak berish imkoniyati yo‘qligini aytgan.

Melnikovning aytishicha, Rossiyaga asosan Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari qul sifatida kelib qoladi. Qozog‘istonlik ko‘plab qizlar va ayollar esa Bahrayn hamda BAAga fohishalik qilishga majburlab jo‘natilgan.

Hikoya qilinishicha, 2020 yil 20 fevralda o‘zbekistonlik Qadriya ismli ayol turmush o‘rtog‘ining taklifi bilan O‘zbekistondan Rossiyaga kelgan. Oila Moskvadagi ijaraga olingan kvartiraga joylashgan va boshqa qo‘shnilar bilan birga hayot kechira boshlagan.

Keyinchalik ayolning eri Ja’far xotinini jiddiy nazorat qilib, uydan chiqarmaslikka harakat qila boshlagan, patentni rasmiylashtirish uchun uning pasportini olib qo‘ygan va qaytarib bermagan. So‘ngra uni plastik konteynerlar ishlab chiqaruvchi zavodga ishga olib borgan va Qadriya u yerda ishlab maoshini qo‘liga ushlab ham ko‘rmagan.

«O‘tgan davr oralig‘ida bir necha marta ijara uydan qochishga va erimdan yashirinishga urindim, lekin u har safar meni izlab topar va ortga qaytarardi. Ikki marta o‘z jonimga qasd qildim. Oxir-oqibat yashirin ravishda erimni telefonidan onamga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘radim.

U nafaqat meni, balki yana boshqa xotinlarini ham shunday ishlatar ekan. Bu haqda Moskvaga kelganimda bildim, u ayollarni mebeldek ijaraga berardi. Biz qayerda ishla deyishsa, o‘sha yerga borib mehnat qilardik, qilmagan ishimiz qolmagan. Rossiyada bu kabi ishlar bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruhlar bor, erim ulardan biri bilan hamkorlik qilardi», — deydi o‘zbekistonlik ayol.

Qadriyaning onasi O‘zbekistondagi «Istiqbolli avlod» tashkilotiga murojaat qilib, ular orqali «Alternativa» harakati bilan bog‘langan.

Moskva shahri ichki ishlar boshqarmasining axborot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda «quyi mafiya» guruhi bu kabi jinoyatlarni amalga oshiradi. Xayr-sadaqa so‘rovchi gadoylarning 40 foizi kuch ishlatish yo‘li bilan ushlab turiladi va ular asosan yegulik uchun ishlaydi. Ko‘pincha bu ishga Rossiya viloyatlaridan kelgan kishilar hamda ishsiz qolgan mehnat muhojirlari jalb qilinadi.

Chaqalog‘i doim uxlovchi onalarni «Madonna» deyishadi. Madonna qo‘lidagi bola hamisha uyqu dori yoki alkogol ta’sirida bo‘ladi, go‘dak uch oydan oshiq yashamaydi.

Mafiya bolalarni qashshoq oilalardan yoki bola o‘g‘rilaridan sotib oladi. Bir nafar go‘dakning narxi, taxminan, 200 ming rubl (2782 AQSh dollari). 2019 yilda Rossiyada umumiy hisobda 500 nafarga yaqin bola vafot etgan, shundan 20-30 foizini Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlarining bolalari tashkil etadi.

Rossiyada zamonaviy qullik borasida rasmiy statistika mavjud emas, lekin ekspertlar izsiz yo‘qolib ketayotgan migrantlar soni yildan yilga o‘sib borayotganini ta’kidlagan.

Oleg Melnikov o‘zidagi ma’lumotlarga ko‘ra, majburiy mehnatga jalb qilinadigan bir nafar qulning narxi 15 ming rubl (210 AQSh dollari) ekanini bildirgan.

Ekspertlarning qayd etishicha, bu borada yangi huquqiy normalar yoki qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur. Mehnatga jalb qilinayotgan qullar huquqlarini himoya qilish, izsiz yo‘qolgan muhojirlarni izlash bilan shug‘ullanadigan idora yoxud tashkilotlar yo‘q.

«Karitas» markazi rahbari Pyotr Sokolov qullikka mahkum bo‘layotgan mehnat muhojirlari polisiyaga qo‘ng‘iroq qilish yoki qochib ketishga sharoit yuzaga kelsa ham buni qilishga qo‘rqadi.

«Jinoyatga umuman aloqasi yo‘q migrantning ochilmagan ishlar statistikasini yaxshilash uchun qamalishi bilan bog‘liq holatlar juda ko‘p uchragan. Ular polisiya xodimlaridan qattiq qo‘rqadi. Aksariyat muhojirlar 5-6 yil davomida Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmasdan noqonuniy faoliyat olib boradi. Ularga ortiqcha muammo kerak emas. Shuning uchun ham yildan yilga qullik tizimi ildiz otib ketyapti», — degan Sokolov.

Oleg Melnikovning taxmin qilishicha, koronavirus pandemiyasi boshlanganidan keyin qullar soni yana o‘sib ketishi mumkin. Uning fikricha, Rossiyada karantin davrida 10 million nafar odamning o‘z ishini yo‘qotgani, mamlakatda odam savdosi hamda qullik yanada avj olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Kiritildi: 09:42 11.08.2020. O'qildi: 8391 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!