Operativ shtab ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir kunda 11 ming 12 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, shundan 5551 holat - poytaxt Moskvada qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Moskva viloyati (20,5 ming kishi) va Sankt-Peterburg (7 404 kishi) joylashgan.
Rossiyada jami zararlanish holatlari soni 209 688 taga yetgan, Moskvada 109 740 holat.
Shtab ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi aniqlangan holatlarning qariyb yarmida (42,4 foizi) infeksiyaning klinik alomatlari bo‘lmagan.
Mamlakatda so‘nggi bir kunda 88 kishi koronavirus oqibatida vafot etdi, shundan 58 kishi o‘limi Moskvada qayd etilgan. Rossiyada epidemiya boshlanganidan buyon Covid-19 bemorlarining 1915 nafari vafot etgan.
So‘nggi bir kunda 2390 bemor sog‘aygan, shundan 1011 kishi - Moskvada. Rossiyada shu vaqtgacha 34 306 bemor sog‘aygan.
Rossiya jahonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni ko‘pligi bo‘yicha jahon reytingida beshinchi o‘rinda qolmoqda. To‘rtinchi o‘rindagi Buyuk Britaniyada bemorlar soni so‘nggi bir kunda 3,8 mingdan ortiqroq o‘sib, 215 mingdan oshgan. Rossiya bir kundan keyin Buyuk Britaniyadan o‘zib ketib, to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilishi ehtimoli yuqori.
9 may kuni Moskva shahridagi koronavirusga chalinganlar davolanayotgan Spasokukoskiy nomidagi klinik kasalxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada bir kishi halok bo‘lgan. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in tufayli evakuasiya qilingan 300ga yaqin bemorning 108 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardir.
Avvalroq Moskva meri Sergey Sobyanin Rossiya poytaxtida o‘zini izolyasiya qilish rejimini va ruxsatnoma bo‘yicha harakatlanish tizimining amal qilish muddatini 31 mayga qadar uzaytirgandi. Moskvaliklar transportda, jamoat joylarida va ishlab chiqarish hududlarida tibbiy niqobda harakatlanish majburiy qilib qo‘yilgan.