Rossiyada ChatGPT, Claude va Gemini kabi xorijiy sun’iy intellekt xizmatlari cheklovlarga duch kelishi mumkin. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.
Bunday ehtimol Raqamli rivojlanish vazirligi tomonidan tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan sun’iy intellektni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Hujjatda “transchegaraviy sun’iy intellekt texnologiyalari” tushunchasi joriy etilmoqda. Bu tushuncha ostida foydalanuvchi ma’lumotlari mamlakatdan tashqariga uzatiladigan xorijiy sun’iy intellekt modellari nazarda tutiladi.
MWS AI (MTS Web Services tarkibiga kiradi) katta huquqshunosi Kirill Dyakovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu toifaga ChatGPT, Claude va Gemini kiradi.
Ulardan farqli o‘laroq, Qwen va DeepSeek kabi ochiq modellarni Rossiya kompaniyalari va davlat tashkilotlarining o‘z infratuzilmasida xavfsiz joylashtirish va qo‘shimcha o‘qitish mumkin. Bu holda barcha ma’lumotlar mamlakat ichida qoladi.
Qonun loyihasi, shuningdek, kunlik auditoriyasi 500 ming kishidan ortiq bo‘lgan sun’iy intellekt xizmatlari egalariga foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni Rossiyada kamida uch yil davomida saqlash majburiyatini yuklaydi.
Raqamli rivojlanish vazirligining izoh berishicha, ushbu choralar fuqarolarni yashirin manipulyasiyalar va kamsituvchi algoritmlardan himoya qilishga qaratilgan.
Shu bilan birga, hujjatda chet el sun’iy intellekt modellaridan foydalanishga qanday hollarda cheklovlar kiritilishi mumkinligiga hozircha aniqlik kiritilmagan.
Qonun 2027 yil 1-sentabrdan kuchga kirishi rejalashtirilgan. Shuningdek, u neyron tarmoqlar tomonidan yaratilgan kontentni belgilashni joriy etadi va ishlab chiquvchilarning javobgarligini belgilaydi.