Rossiya va Ukraina delegasiyalari video formatda muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.
“Ha, muzokaralar video formatda davom etmoqda, delegasiyaga [Rossiya prezidenti yordamchisi] Vladimir Medinskiy boshchilik qilishda davom etmoqda”, dedi Peskov. U hozircha tafsilotlarga izoh berishdan bosh tortdi.
Rossiya va Ukraina delegasiyalari o‘rtasida uch raund yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ikkinchisidan so‘ng Ukraina tomoni gumanitar yo‘laklar masalasida “ijobiy o‘zgarishlar” borligini, biroq hozircha mamlakatdagi vaziyatni sezilarli darajada yaxshilaydigan natijalar yo‘qligini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Rossiya delegasiyasi Ukraina bilan muzokaralarning navbatdagi bosqichidan kutilgan umidlar o‘zini oqlamaganini ta’kidladi.
Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar ehtimoliga kelsak, Kreml bu delegasiyalar va vazirlar o‘z ishini tugatgandan keyin “konseptual jihatdan mumkin” ekanini aytdi.