Rossiya poytaxtiga dron hujumlari tufayli shahardagi aeroportlarda 300 dan ortiq reys kechiktirildi va bekor qilindi.
“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Moskvaning Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida 270 dan ortiq reys kechiktirilgan, 42 tasi bekor qilingan, yana 69 reys zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan. Bunga dronlar hujumi tufayli joriy etilgan cheklovlar sabab bo‘lgan.
Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida 27 dekabr kuni Moskva vaqti bilan taxminan soat 17:00 da parvozlar xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga vaqtinchalik cheklovlar joriy qilingan. Moskvadagi Domodedovo aeroportida esa odatdagi tartibda ishlayotgani ma’lum qilingan.
Bir kun avval Moskva meri Sobyanin havo hujumidan mudofaa kuchlari poytaxt tomonga uchib kelayotgan kamida 20 ta dronni urib tushirganini bildirgandi.