2023 yil avgustidan 2025 yil dekabrigacha Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib bergan va qo‘shinlar yuborgan. Bu yordamning umumiy qiymati 7,67 mlrd dollardan 14,4 mlrd dollargacha baholanmoqda, deb yozadi Bloomberg agentligi Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik strategiyasi instituti hisobotiga tayanib.
Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya Pxenyan bilan asosan harbiy texnologiyalar va yuqori aniqlikdagi komplektlovchi qismlar orqali hisob-kitob qilmoqda. Bu turdagi kompensasiyalar umumiy to‘lovning 80–96 foizini tashkil etadi va ularni sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatish qiyin.
Ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka 2024 yilda Vladimir Putin va Kim Chen In tomonidan imzolangan strategik sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv asos bo‘lgan. Unga ko‘ra, tomonlardan biriga qurolli hujum qilinsa, ikkinchisi «mavjud barcha vositalar bilan» harbiy yordam ko‘rsatishi shart.
Janubiy Koreya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, urushdagi ishtirok Shimoliy Koreya iqtisodiyoti o‘sishini tezlashtirgan: 2024 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 3,7 foizga oshgan va bu 2016 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.