AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning aytishicha, Rossiya Eronga Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy ob’ektlariga zarba berish uchun razvedka ma’lumotlari taqdim etmasligini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday bayonot Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida 10 mart kuni bo‘lib o‘tgan muloqotda aytilgan. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ham bu haqda Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner bilan suhbatda gapirgan.
Uitkoff Rossiyaning bu bayonotiga ishonish mumkinligini ta’kidlab, Moskva razvedka ma’lumotlarini Tehron bilan bo‘lishmasligiga umid bildirgan.
Avvalroq The Washington Post uchta manbaga tayanib, Rossiya Eronga Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy ob’ektlarining koordinatalariga oid ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan edi.
Shu bilan birga, Donald Tramp Eron bilan bog‘liq vaziyatga izoh berib, bu masala AQSh uchun “eng oson hal qilinadigan muammolardan biri” ekanini aytgan.