Davlat Dumasining (parlament) 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yakuniy yalpi majlisida parlament spikeri Vyacheslav Volodin besh yil ichida Duma 2980 ta qonun qabul qilganini, parlamentariylarning ustuvor vazifasi esa prezident topshiriqlarini bajarish va Maxsus harbiy amaliyot samarali borishini ta’minlash bo‘lganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Volodin "partiyalar ko‘p, ammo vatan bitta" ekanligini ta’kidladi va shundan so‘ng besh marotaba: "Rossiya! Putin! G‘alaba!" deb xitob qildi. Ayni shu pallada zaldagi barcha ishtirokchilar o‘rinlaridan turib, qarsak chaldi.
O‘z nutqi so‘nggida Vyacheslav Volodin deputatlarni "mamlakat uchun kurashish"ga va "Rossiya dushmanlarining vahima tarqatishga urinishlariga qarshi turish"ga chaqirdi.
VIII chaqiriq Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan qonunlar qatorida "harbiy feyklar" va armiyani "obro‘sizlantirish" uchun jinoiy javobgarlik belgilash, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan "DXR" va "LXR" bilan shartnomalarni ratifikasiya qilish, migrasiya qonunchiligini kuchaytirish hamda mamlakatni tark etgan rossiyaliklarga qarshi repressiv qonunlar mavjud.
Rossiya Davlat Dumasiga navbatdagi saylovlar joriy yilning 20 sentyabrida o‘tkazilishi belgilangan.