2026 yil 29 may kuni Toshkent shahridagi Humo Arena majmuasida yirik professional boks oqshomi tashkil etiladi. Mazkur nufuzli tadbir WBC Eurasia hamda O‘zbekiston professional boks federasiyasi hamkorligida o‘tkaziladi.
Boks kechasida Olimpiya chempionlari va jahon ringining mashhur yulduzlari ishtirokida bir qator muhim janglar bo‘lib o‘tadi.
Asosiy kardning eng diqqatga sazovor to‘qnashuvlaridan biri yengil vazn toifasida kubalik ikki karra Olimpiya chempioni Robezi Ramirez hamda tojikistonlik iqtidorli bokschi Asror Vohidov o‘rtasida kechadi.
Robezi Ramirez 2012 yil London va 2016 yil Rio-de-Janeyro Olimpiya o‘yinlari g‘olibi hisoblanadi. Shuningdek, u Panamerika o‘yinlari, Markaziy Amerika va Karib havzasi o‘yinlari g‘olibi, Yoshlar Olimpiadasi chempioni hamda AIBA yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi sifatida ham katta yutuqlarga erishgan.
Professional ringda kubalik bokschi 17 ta jang o‘tkazib, 14 g‘alaba va 3 mag‘lubiyat qayd etgan. G‘alabalarining 9 tasini nokaut bilan yakunlagani uning yuqori darajadagi hujumkor uslubidan dalolat beradi.
Uning raqibi Asror Vohidov havaskor boksda yoshlar o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. 30 yoshli bokschi professional faoliyati davomida 14 ta jangda ishtirok etib, 13 g‘alaba va 1 mag‘lubiyat qayd etgan. Uning 7 ta g‘alabasi muddatidan avval nokaut orqali qo‘lga kiritilgan.
10 raundga mo‘ljallangan mazkur bellashuv 29 may kuni Toshkentdagi boks oqshomining eng markaziy va murosasiz janglaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.