Agentlik manbasiga ko‘ra, Ukrainaga bunday tizimlarni yetkazib berishi mumkin bo‘lgan davlatlar safida AQSh va Gresiya mavjud. G‘arb mamlakatlari iyun oyida bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga qadar tegishli kelishuvga erishishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.
Reuters aynan nechta tizim yetkazilishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi.
Avvalroq The New York Times nashri ham Ukrainaga ikkita Patriot tizimi yetkazilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Gazeta manbalari Kiyevga Isroilda joylashgan tizimlardan biri yetkazilishi mumkinligini, yana bir tizim esa Germaniya yoki Gresiyadan jo‘natilishi mumkinligini bildirgan.
"Hozirda Ukrainada sakkizta Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi bor, ammo ularning ikkitasi ta’mirlash jarayonida", deya ma’lum qildi NYT.
"Ukraina G‘arbdagi ittifoqchilaridan yangi havo mudofaa tizimlarini so‘ramoqda, chunki bu tizimlar aholi punktlarini Rossiya raketa hujumlaridan himoya qilishda nihoyatda muhim hisoblanadi. Ayniqsa, Patriot tizimlari qanotli va ballistik raketalarni urib tushira olishi bilan ahamiyatlidir", deyiladi Reuters maqolasida.