Londonning «Chelsi» klubi ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlanganini rasman e’lon qildi.
44 yoshli murabbiy londonliklar bilan 4 yillik shartnoma imzoladi. Kelishuv 2030 yilning yoziga qadar amal qiladi. Alonso yangi jamoasidagi vazifasini bajarishga shu yilning 1 iyulidan kirishadi.
Ma’lumot uchun, «Chelsi» 2025/26 yilgi mavsum davomida ikki nafar bosh murabbiy — Enso Mareska va Liem Rosenyorni iste’foga chiqarishga ulgurdi. Ulardan keyin jamoani vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi Kalum Makfarleyn boshqarib kelayotgan edi. Ayni paytda «aristokratlar» Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida 9-o‘rinni egallab turibdi.
Futbolchilik faoliyati davomida «Liverpul», «Real Madrid» va «Bavariya» kabi grand klublarda to‘p surgan Xabi Alonso murabbiylik faoliyatini «Madrid»ning yoshlar jamoasida boshlagan. Keyinchalik «Real Sosyedad»ning ikkinchi jamoasini boshqardi.
Uning murabbiylik faoliyatidagi eng yorqin davri 2022–2025 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu vaqt ichida u Leverkuzenning «Bayer» klubini boshqarib, 2023/24 yilgi mavsumda biror marta mag‘lubiyatga uchramasdan Germaniya chempioniga aylandi. Shuningdek, mamlakat Kubogi va Superkubogida ham zafar quchdi.
Alonsoning so‘nggi ish joyi «Real Madrid» klubi bo‘lib, u yerda 2025 yilning iyunidan 2026 yilning yanvar oyigacha faoliyat yuritdi. Uning boshqaruvida «qirollik klubi» 34 ta uchrashuvda 24 ta g‘alaba, 4 ta durang va 6 ta mag‘lubiyat qayd etdi.