O‘zbekistonda bir qator qurilish kompaniyalari reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortildi. Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar davomida elektron ro‘yxatga kiritilmagan holda uy-joy majmualari reklama qilingani aniqlangan.
Xususan, «Humo Avenue», «Story Dom Siyob», «Aziya Makon City», «Aziza Credo Max», «Shoxsaroy Enter Group» va «Qorasuv Avenue» kompaniyalari tomonidan ushbu qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, mazkur kompaniyalar qurilish ob’ektlarini ijtimoiy tarmoqlarda faol targ‘ib qilgan, ammo ularning loyihalari maxsus elektron ro‘yxatga kiritilmagan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ulush kiritish asosida qurilish uchun mablag‘ jalb qiluvchi quruvchilar maxsus elektron ro‘yxatga kiritilishi shart. Bu talab PQ-4732-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan bo‘lib, unga amal qilmagan holda reklama berish taqiqlanadi.
Shuningdek, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, tegishli ruxsatnomalar va hujjatlarsiz mahsulot yoki xizmatlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan ushbu kompaniyalar qonunbuzar deb topildi. Ularga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilingan.