Qrimda benzin taqchilligi kuzatilmoqda, yonilg‘i quyish shoxobchalarida ulkan navbatlar yuzaga keldi.
Rossiya tomonidan anneksiya qilingan yarim orolda Ukraina dronlarining asosiy ta’minot yo‘nalishlaridan biri — Rostov-Donni Simferopol bilan bog‘laydigan “Novorossiya” trassasiga bergan zarbalari sababli benzin taqchilligi kuzatilmoqda.
Ayni paytda Qrimda kuniga kishi boshiga ko‘pi bilan 20 litr benzin sotib olish mumkin, biroq ko‘plab yonilg‘i quyish shoxobchalarida u umuman yo‘q.
Qrim rahbari Sergey Aksyonov aholidan benzinni g‘amlab qo‘ymaslikni va shaxsiy transport vositalaridan imkon qadar foydalanmaslikni so‘radi. O‘tgan yilning dekabr oyida Aksyonov yoqilg‘i taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan edi.
Bundan tashqari, Zaporijjya viloyatining Rossiya tomonidan anneksiya qilingan qismi rahbari Yevgeniy Baliskiy haydovchilardan “o‘ta zarur holat bo‘lmasa, safarlarni cheklashni” so‘radi. Xerson viloyatining anneksiya qilingan qismida esa Qrimga olib boruvchi trassa orqali harakatlanish 21 maydan beri cheklangan. Faqatgina harbiy yuklar, yoqilg‘i, dori-darmon va tez buziladigan mahsulotlarni tashiydigan transport vositalari bundan mustasno.
“Novorossiya” trassasi Qrimga yonilg‘i yetkazib berishning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Benzin, shuningdek, Kerch bo‘g‘ozi orqali paromlar yordamida ham tashiladi, biroq o‘tish joyining ishlashi ob-havo sharoitlariga bog‘liq. Xavfsizlik nuqtai nazaridan Qrim ko‘prigi orqali yonilg‘i tashilmaydi.