Qozog‘istonlik sobiq chempion Adil Tilektes baxtsiz hodisa oqibatida vafot etdi. Bu haqda Chimkent shahar polisiya departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa sportchi ishlab kelgan korxonada sodir bo‘lgan. Adil Tilektes ish jarayonida yuqori kuchlanishli elektr kabeliga tasodifan tegib ketgan. Elektr toki urishi natijasida u balandlikdan qulagan va og‘ir jarohat olgan.
Tilektes eshitishida nuqsoni bo‘lgan sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalarda yunon-rum kurashi bo‘yicha qatnashgan. U 2019 yilda 60 kilogrammgacha vazn toifasida Qozog‘iston chempioniga aylangan.
Professional sportdagi faoliyatini yakunlagach, u Chimkentdagi keramik plitka ishlab chiqarish korxonasida ishlab kelayotgan edi.
Polisiya hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.
"Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, erkak ish vaqtida elektr toki urishi oqibatida hayot uchun xavfli tan jarohati olgan. Hozirda voqeaning barcha holatlarini aniqlash maqsadida zarur tergov harakatlari olib borilmoqda", deyiladi rasmiy xabarda.