Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Turkiston (sobiq Janubiy Qozog‘iston) viloyati Aris shahrida qurol-yarog‘ omborida portlash sodir bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9 atrofida boshlangan kuchli portlashlar oradan 8 soatdan o‘tgan bo‘lsa ham tinmayapti.
Ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketgan videolarda aholi topgan mashinada, topmagan piyoda shaharni tark etayotganini ko‘rish mumkin. Shahardan chiqib ketayotgan odamlar ortida osmonga o‘rlagan quyuq tutun va portlash ovozlari eshitilib turibdi.
Qozog‘iston favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining xabar berishicha, o‘t o‘chiruvchilar portlash sodir bo‘layotgan hududga yaqinlasha olmayapti. Jabrlanganlar borasida ma’lumot yo‘q.
"Portlash shiddati so‘ngan bo‘lsa-da, biroq muntazam ravishda portlab turibdi. Shuning uchun ham o‘t o‘chiruvchilarimiz hodisa joyiga borib, uni o‘chira olmayapti. Jabrlanganlarning umumiy soni ma’lum emas. Evakuasiya ishlari davom etmoqda", – degan Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rasmiy vakili Nursultan Nurahmetov.
Turkiston viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati Arisdagi portlash sabab 23 kishi shifoxonaga olib kelinganini ma’lum qilgan.
Arisdagi qurol-yarog‘ saqlanadigan harbiy qism 1930-yillarda tashkil topgan.
2009 yilda aynan shu harbiy qismdagi qurol omborida portlash sodir bo‘lgan. Natijada 3 kishi halok bo‘lgan va 17 kishi jarohatlangandi.