Qozog‘iston TIV Ukrainadagi urushdan o‘z fuqarolarini qaytarish masalasini muhokama qilmoqda.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya hukumati bilan birgalikda Ukrainadagi urushda bo‘lgan Qozog‘iston fuqarolarini vatanga qaytarish masalasida ish olib bormoqda.
Bu haqda Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Janbolat Usinov ma’lum qildi. Uning aytishicha, fuqarolarning yaqinlari ularni uyiga qaytarishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
TIV ushbu holatga jiddiy yondashmoqda va xorijdagi Qozog‘iston fuqarolarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish vazirlikning ustuvor vazifasi ekanini ta’kidladi.
Usinovning aytishicha, Qozog‘iston TIVi turli mamlakatlardagi harbiy mojaro hududlaridan o‘z fuqarolarini qaytarish bo‘yicha amaliy tajribaga ega.
Rasmiy vakil fuqarolar va ularning yaqinlarini OAV orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri TIVga murojaat qilishga chaqirdi. Buning uchun maxsus ishonch telefoni ham tashkil etilgan.
Masala yuzasidan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Rossiyaning vaqtinchalik ishlar vakili bilan muzokara o‘tkazgan. Qozog‘istonning Moskvadagi elchisi esa Rossiya TIVi va Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan uchrashishi kutilmoqda.