Qozog‘iston chet elliklar uchun pulli elektron ruxsatnoma joriy etadi. Bu talab O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli.
Qozog‘iston vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari uchun mamlakatga kirishga elektron ruxsatnoma — Electronic Travel Authorization (ETA) tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Elektron ruxsatnoma QAZETA raqamli platformasi orqali rasmiylashtiriladi.
Platformadagi ma’lumotlarga ko‘ra, arizani safardan kamida 72 soat oldin topshirish tavsiya etiladi. Ruxsatnoma 180 kun amal qiladi. QazETA qabul qilinadigan hujjatlar qatorida O‘zbekiston va Qirg‘iziston ID-kartalarini ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Yangi tizim 25 avgustdan 1 noyabrgacha sinov rejimida ishlaydi. Bu davrda ETA olmagan xorijliklarning Qozog‘istonga kirishi rad etilmaydi, biroq ularga keyingi safarda elektron ruxsatnoma talab qilinishi haqida ogohlantiriladi. 1 noyabrdan ETA Qozog‘istonga samolyot orqali kiruvchilar uchun majburiy bo‘ladi. Elektron ruxsatnomasi bo‘lmagan yo‘lovchilarni aviakompaniyalar reysga chiqarmasligi belgilangan.
15 noyabrdan talab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining tashqi chegaralaridagi avtomobil o‘tish punktlariga ham tatbiq etiladi. Bu Qozog‘istonning Xitoy, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan chegaralarini ham qamrab oladi. Tartibga ko‘ra, O‘zbekistondan Qozog‘istonga avtomobil yoki avtobusda kiruvchilar ham shu sanadan ETA olishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ETA'ni oldindan rasmiylashtirish narxi taxminan 3 900 tenge (taxminan 8,5 dollar), chegarada ariza berish esa 7 800 tenge (taxminan 17 dollar) bo‘lishi kutilmoqda. Elektron ruxsatnoma amaldagi vizasiz rejimni bekor qilmaydi.