Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Qonuniy nikohdan o‘tmagan yoshlarga shar’iy nikoh o‘qigan 2 mulla jarimaga tortildi

Qonuniy nikohdan o‘tmagan yoshlarga shar’iy nikoh o‘qigan 2 mulla jarimaga tortildi

Qonuniy nikohdan o‘tmagan yoshlarga shar’iy nikoh o‘qigan ikki nafar mulla eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Ma’lumki, Bosh qomusimizning 63-moddasida belgilanganidek, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.

Albatta, oila mustahkamligi nikohning qonuniyligiga har jihatdan bog‘liq. Ammo bu teran haqiqatni hamma ham birdek anglab yetavermaydi. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 13 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash davr talabi mavzusidagi anjumanda bu haqida alohida to‘xtalib, shunday ta’kidlagan edi: Axir, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikoh dan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘lib qoladi. Xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish, meros huquqi, o‘sib-ulg‘ayganidan keyin bog‘chaga, ta’lim muassasalariga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his etolmaydi .

Shu bilan birga, bundan buyon FHDYo tomonidan berilgan hujjatga ega bo‘lmagan shaxslarga shar’iy nikoh o‘qigan har qanday mulla yoki imom-xatib jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilgandi.

Ammo Pop tumanining Oltinkon shaharchasida yashovchi, 68 yoshli Tursunmuxanbat (ismi hujjatlarda aynan shunday muallif izohi) Lochinboyev o‘z hamyonini o‘ylagan mullalardan bo‘lib chiqdi. Gap shundaki, u maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan holda 2016 yil aprel oyida FHDYo bo‘limida qonuniy nikohdan o‘tmagan Ashirboy Jamolov va Marhamat Shorustamovalarga sha’riy nikoh o‘qib qo‘ygandi. Bu haqda uznews.uz yozmoqda.

Lekin nimadir bo‘ldi-yu, 2018 yil yoz oylarida Marhamat arzimas oilaviy kelishmovchilik tufayli ota-onasinikiga ketib qoldi. T. Lochinboyev esa, pandu nasihat qilib hamda hayotiy tajribalariga tayanib, ularni yarashtirib qo‘yish o‘rniga 2018 yil 10 oktyabr kuni Ashirboy va Mehrinissa Ashirmatovaga shar’iy nikoh o‘qib, yana diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzdi. Vaholanki, sha’riy nikoh o‘qiydigan shaxs diniy idoraning mas’ul xodimi bo‘lishi, fuqarolar avval qonuniy nikohni rasmiylashtirib, nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani olganidan so‘nggina sha’riy nikohdan o‘tish uchun diniy idoraga murojaat qilishi, shundan so‘ng shar’iy nikoh o‘qilishi shart. Shuning uchun M. Sho rus tamovaning tuman IIBga qilgan murojaati tufayli T. Lochinboyevga nisbatan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atildi.

Yana bir misol: 1948 yilda tug‘ilgan, tumanning Ittifoq mahallasida yashovchi Samijon Sotimov ham, garchi vakolati bo‘lmasa-da, 2018 yil avgust oyida Saidjon Obidovning iltimosiga binoan uni Marhabo Sultonova bilan sha’riy nikohdan o‘tkazib qo‘ygan.

Aytish kerakki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi 2-qismida Diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va bosh qa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish eng kam ish haqining sakson baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi , kodeksning 33-moddasida esa, Sud ma’muriy jazo chorasini qo‘llayotganda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni va huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olgan holda sabablar va asoslarni albatta, ko‘r satib, ushbu kodeksning Maxsus qismidagi moddalarning sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazo chorasini qo‘llashi mumkin , deya qayd etilgan.

Binobarin, sud har ikkala huquqbuzarning nafaqa yoshida ekanligi, ularning qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligini javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, yuqoridagi modda sanksiyasida belgilanganidan ham kamroq, ya’ni eng kam oylik ish haqining 50 (ellik) baravari miqdorida 9 215 000 so‘m (o‘sha paytda eng kam oylik ish haqi 184 300 so‘m bo‘lgan) jarima jazosi ta yinladi.

Bundan tashqari sud ushbu huquqbuzarliklarni fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yetishmasligi, diniy qarashlarning noto‘g‘ri singdirilishi, huquqbuzarlarning o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida dinni niqob qilib olganligi, mahalla hamda jamoatchilikning esa, bunga mutlaqo befarqligi, eng achinarlisi, joylarda bu borada ma’naviy-ma’rifiy ishlar qoniqarli darajada yo‘l qo‘yilmagani, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida tegishli chora-tadbirlar lozim darajada amalga oshirilmagani tufayli yuzaga kelgan, deb topdi.

Shu bois qonunbuzilish holati, uning kelib chiqish omillari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan Mahalla xayriya jamoat fondining Pop tuman kengashi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Pop tuman vakilligiga taqdimnoma ham kiritildi.

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik. Chindan ham, oila qo‘rg‘onini muqaddas deb bilmaslik, arzimas sabablar bilan ajralishlar, begunoh bolalarning tirik yetim bo‘lib, mehr va e’tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolishi qonuniy nikohdan o‘tmay, shar’iy nikoh asosida turmush qurishning oqibati emasmi?

Shunday ekan, nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, hokimiyat va FHDYo xodimlari, balki ota-onalar, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, jamoatchilik vakillari ham oila masalasiga yanada jiddiy mas’uliyat bilan yondashishi shart. Zero, yuqoridagi kabi hech kimning guldek oilasi zavol topmasin, tinch-totuv hayotiga aslo putur yetmasin.

Samadjon QODIROV,

Pop tuman ma’muriy

sudining raisi

Kiritildi: 10:49 16.02.2019. O'qildi: 18213 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!