Bugun 6 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

Qiyomatdan oldin Shom diyoridan qora bayroqlilar chiqadimi?

A A A
Qiyomatdan oldin Shom diyoridan qora bayroqlilar chiqadimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Assalamu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari!

Savol: Men ba’zi bemazhab tanishlarimdan quyidagi mazmundagi hadisni eshitdim: Rasululloh(s.a.v) : Qiyomatdan oldin Shom diyorida qora bayroq chiqadi dedilar. Kim shu davrda hozir bo‘lsa Shomga boringlar, Shomga . Ushbu hadisni aytgan odam Sihohu sitta da yozilgan deb aytdi. Ushbu hadis sahihmi? Sahih bo‘lsa, ulamolar unga sharh berishganmi? Noo‘rin savol bo‘lsa uzr.

Javob: Bunday hadis yo‘q. Bo‘lsa, qayerdaligini, kimdan rivoyat qilinganini aniq aytishsin. Sihohi sitta ma’lum olti kitobdir. Hamma yerda bor. Anig‘ini aytishsin! Ammo boshqa ma’nodagi riovyat bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Oli baytlari nomidagi Islom akademiyasi tomonidan dunyoning turli taraflaridan 126 katta olimlarning imzosi bilan e’lon qilingan ochiq xatdan iqtibos:

Nu’aym Ibn Hammod o‘zining Fitnalar nomli kitobida keltiradi:

Albatta, ulug‘imiz Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu quyidagilarni aytmish:

Qachon qora bayroqlarni ko‘rsangiz, yerni lozim tuting. Qo‘llaringizni qimirlatmang, oyoqlaringizni ham. So‘ngra bir qavm zohir bo‘lur. Ular zaifdirlar, e’tiborga sazovor emaslar. Ularning qalblari temirning zangiga o‘xshaydi. Ular davlat sohiblaridir. Ahdga vafo qilmaslar, miysoqqa ham vafo qilmaslar. Haqqa chaqirurlar, lekin o‘zlari haq ahlidan emaslar. Ismlari kunyadir. Nisbatlari qishloqlargadir. Sochlari ayollarning sochiga o‘xshab osilib turadi. Ular oxiri borib o‘zaro ixtilof qiladilar, so‘ngra Alloh subhanahu va taolo haqni kimga xohlasa, o‘shanga beradi .

Ushbu matnni o‘qigan har qanday kishida o‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi:

Bundan bir ming ikki yuz yil oldin Fitnalar kitobida keltirilgan, sayyidimiz Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning imom Buxoriyning shayxi Nu’aym Ibn Hammod rivoyat qilgan ushbu so‘zlari hozirda o‘zlarini Islom davlati deb atayotganlarga tatbiq bo‘ladimi, yo‘qmi?

Ushbu asardan quyidagilarni fahmlasa bo‘ladimi?

- Unda Qachon qora bayroqlarni ko‘rsangiz , deyilyapti. Qo‘shtirnoq ichidagi Islom davlati ning bayroqlari qoradir.

- Yerni lozim tuting , ya’ni Ey musulmonlar, makoningizda turing. Ularga hijratqilmang , deyilyapti.

- Yana unda Qo‘llaringizni qimirlatmang, oyoqlaringizni ham , deyilyapti. Ya’ni ularga mol bilan, asbob-uskuna bilan yordam bermang.

- So‘ngra So‘ngra bir qavm zohir bo‘lur. Ular zaifdirlar, e’tiborga sazovor emaslar , deyilyapti. Bu yerdagi zaiflik din ma’rifatida zaif, ahloqda zaif, ahloqqa amal qilishda zaif, degan ma’nolarni o‘z ichiga oladi.

- Ularning qalblari temirning zangiga o‘xshaydi , ya’ni ular asirlarni qatl qiladilar, odamlarni azoblaydilar, qasovatlari shiddatlidir.

- Ular davlat sohiblaridir . Taqriban, yuz yildan oldin birorta odam Islom davlati degan gapni aytmagan. Faqat bular Suriya va Iroqda Islom davlati deb nom chiqarishdi.

- Yana hazrati Ali Ahdga vafo qilmaslar, miysoqqa ham vafo qilmaslar , deganlar. Ushbu Islom davlati Ahdga vafo qilmaydi, miysoqqa ham vafo qilmaydi. Misol uchun, Shuaytot miysoqigaga vafo qilishmadi. Elchi qilib yuborilganlarga va matbuot hodimlariga berilgan ahdni buzishdi.

- Haqqa chaqirurlar . Bu Islom davlati ham Islomga chaqiryapti.

- Lekin o‘zlari haq ahlidan emaslar . Ahli haq bo‘lish uchun rahmli bo‘lish kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Rahm qilinglar, rahm qilinasizlar , deganlar.

- Ismlari kunyadir . Hozir o‘sha davlatning boshliqlari, ko‘zga ko‘ringan odamlari Abu Muhammad, Abu Musanna, Abu Muslim va boshqa ismlar bilan atalmoqda.

- Nisbatlari qishloqlargadir . Bag‘dodiy, Zarqoviy, Tunisiy, Yamaniy, Kanadiy

- Sochlari ayollarning sochiga o‘xshab osilib turadi . Islom davlati jangchilarining hammasining sochlari ana shunday, osilgan.

- Ular oxiri borib o‘zaro ixtilof qiladilar . Islom davlati o‘zlarining asosiy tashkiloti bo‘lmish al-Qoida ga ixtilof qildi, so‘ngra Nusrat jabhasi ga ham ixtilof qildi. Oralarida qatl bo‘ldi. Ikki tomondan 10 000lab odamlarni bir yerda o‘ldirdilar.

- So‘ngra Alloh subhanahu va taolo haqni kimga xohlasa, o‘shanga beradi . Islomni to‘g‘ri bayon qilish ushbu bayonga o‘xshash bayon bilan bo‘ladi. Alloh subhanahu va taolo Qur’oni Karimning Luqmon surasida sayyidimiz Luqmoni hakim tilidan marhamat qiladi:

Ey o‘g‘ilcham, albatta, u (amal) agar achitqi urug‘i vaznicha bo‘lsa-yu, u bir qoya tosh ichida, yoki osmonlarda, yoxud yerda bo‘lsa ham, Alloh uni keltirur. Albatta, Alloh o‘ta latofatlidir, o‘ta xabardordir (16-oyat).

Kiritildi: 17:58 29.12.2018. O'qildi: 9468 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!