Bugun 4 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Qirg‘iziston kosmosga ilk sun’iy yo‘ldoshini uchirdi

Qirg‘iziston kosmosga ilk sun’iy yo‘ldoshini uchirdi

Qirg‘iziston uchun yangi kosmik davr boshlandi — mamlakat ilk sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi.

Qirg‘iziston o‘zining birinchi sun’iy yo‘ldoshini AQShning Kaliforniya shtatidagi Vandenberg kosmik bazasidan SpaceX’ning Falcon 9 raketa-tashuvchisi orqali orbitaga chiqardi. Yo‘ldosh bir vaqtning o‘zida bir nechta kosmik apparatni orbitaga olib chiqqan raketa tarkibida uchirilgan.

Loyiha Qirg‘iziston va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida amalga oshirilgan. Yo‘ldoshni boshqarish va undan foydalanish Bishkekdagi maxsus markaz orqali amalga oshiriladi.

Uchirish marosimida AQShga ishchi tashrif bilan borgan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham ishtirok etgan.

Yangi sun’iy yo‘ldoshdan olinadigan ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi yerlari, muzliklar, suv havzalari, o‘rmonlar va yaylovlarni kuzatishda qo‘llanadi. Shuningdek, tabiiy ekotizimlardagi o‘zgarishlarni aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.

Kosmik tasvirlar orqali tabiiy resurslarni noqonuniy qazib olish, ruxsatsiz chiqindi tashlash va atrof-muhit ifloslanishining boshqa holatlarini aniqlash rejalashtirilgan.

Yo‘ldoshning yana bir muhim vazifasi — tabiiy ofatlarni oldindan aniqlash. Olingan ma’lumotlar qurg‘oqchilik, suv toshqini, ko‘chki, sel va o‘rmon yong‘inlarining dastlabki belgilariga tezroq e’tibor qaratish imkonini beradi.

Kelgusida sun’iy yo‘ldoshdan olinadigan ma’lumotlarni davlatning raqamli tizimlariga integrasiya qilish rejalashtirilgan. Ular hududiy xaritalar yaratish, investisiyalarni rejalashtirish va davlat dasturlarini nazorat qilishda ham ishlatiladi.

Qirg‘iziston rasmiylari kosmik ma’lumotlar va superkompyuter texnologiyalarini birlashtirish mamlakatning iqtisodiy va tabiiy resurslarini yanada aniq va samarali boshqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidlagan.

Kiritildi: 22:30 02.10.2026. O'qildi: 729 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!