Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gastroenterologiya bo‘limi xonalarida suvaraklar yurgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat SSB ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 15 avgust kuni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi gastroenterologiya bo‘limida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmasi mas’ullari bilan hamkorlikda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari amalga oshirildi.
Mazkur holat markaz xodimlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida muhokama qilinib, bo‘limlarda sanitariya qoidalari asosida ish yuritish borasida nazoratni kuchaytirish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
O‘z vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi va nazoratni susaytirganligi uchun gastroenterologiya bo‘limi boshlig‘i, katta hamshirasi va xo‘jalik bekasi egallab turgan lavozimidan ozod etildi.