Kecha, 27 yanvar kuni tunda Qarshi shahrida joylashgan «Yangi bozor» oldidagi bankomatlarda yong‘in chiqdi. Bu haqda viloyat FVB xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27 yanvar kuni soat 23:58 da Qarshi shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga Qarshi shahar «Xo‘jaxiyol» MFY, «Qarliqbog‘ot» ko‘chasida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan manzilga 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi 00.05 da yetib borgan va soat taxminan 00.33 larda yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘indan fuqaro X.B ga tegishli yengil tipda qurilgan kichik hajmli savdo (savdo do‘koni emas) rastasining 6 metr kvadrat va unga yondosh «Qishloqqurilishbank»ga tegishli bo‘lgan bankomat (naqd pul yechish uchun mo‘ljallangan xona) qurilmasining 4 metr kvadrat maydon qismi zarar ko‘rgan.
Yong‘indan hech kim tan jarohati olmagan.
Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.