Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Qarshida kollej o‘quvchisi qiz bola tanishini do‘pposladi. Qiz mast bo‘lgan

Qarshida kollej o‘quvchisi qiz bola tanishini do‘pposladi. Qiz mast bo‘lgan

11 yanvar kuni kechki payt soat 22:30 da Qarshi shahri 6-mittituman hududida 2000 yilda tug‘ilgan kollej o‘quvchisi B.M. 1997 yilda tug‘ilgan qiz bola tanishi M.B.ni urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xodimi Ravshan Tursunov Daryo ga ma’lum qilmoqda.

2000 yilda tug‘ilgan B.M. Qarshi transport kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi bo‘lib, Nishon tumanida yashab kelgan. U 11 yanvar kuni o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Koson tumanida yashovchi qiz bola tanishi M.B. bilan o‘zaro tortishib qolgan va uning yuz, bosh hamda tanasining turli joylariga qo‘llari bilan urib, jarohat yetkazadi. Bu haqda jabrlanuvchi M.B.12 yanvar kuni ertalab Qarshi shahar 2-sonli ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qiladi. Murojaat tushgach, jabrlanuvchi Qarshi shahar 2-sonli ichki ishlar bo‘limini inspektori hamrohligida respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga olib boriladi.

Bemorni 12 yanvar kuni ertalab soat 10:20 da profilaktika inspektorining o‘zi olib keldi, deydi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali neyroxirurgi Shokir Do‘stmurodov. Qabul bo‘limida navbatchi shifokor ko‘rigidan o‘tgach, bemor kompyuter tomografiya qilinib, reanimasiya bo‘limiga olib chiqilgan. Bemorga qo‘shma shikastlanish, ochiq bosh miya shikastlanishi, bosh miyaning og‘ir darajali lat yeyishi, boshning o‘ng chap suyagi botib sinishi, boshning o‘ng chakka sohasi yuzining ezilib yirtilgan jarohatlari, teri osti gematomasi yumshoq to‘qimalar lat yeyishi, ko‘krak qafasi yopiq shikastlanishi, chap o‘pkaning lat yeyishi, o‘ng ko‘z olmasining lat yeyishi, o‘ng ko‘z olmasining teshilgan jarohati tashxisi qo‘yilgan .

Shifokorning ma’lum qilishicha, bemor o‘sha kuni operasiya qilingan. 15 yanvar kuni esa qolgan davo muolajalarini davom ettirish uchun palataga olingan. Shifokorning qo‘shimcha qilishicha, shifoxonaga olib kelingan paytda jabrlanuvchi mast holatda bo‘lgan.

Jabrlanuvchi qaysi payt spirtli ichimlik iste’mol qilgani bizga qorong‘i, deydi Qarshi shahar 2-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, mayor Alisher Jo‘rayev. Jabrlanuvchi bizga 12 yanvar kuni murojaat qilgach, biz shifoxonaga yo‘llanma berganmiz .

Bu haqda gapirish uyoqda tursin eslashning o‘zi ham qo‘rqinchli, deydi ismini oshkor qilishni istamagan aholi vakillaridan biri. Afsuski, voqea sodir bo‘lgan joydan har kuni bolalarimni bog‘chaga olib o‘taman. Yo‘lakdagi va shu yerda joylashgan ko‘p qavatli uyning 1-qavati devoridagi qon dog‘lari nafaqat bolalarda, katta yoshdagi insonlarda ham qo‘rquv uyg‘otadi. Nahotki, bir ayolga, ojizaga shu qadar tuban va vaxshiy munosabatda bo‘lish mumkin?

Viloyat IIB boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tanishiga tan jarohati yetkazgan kollej o‘quvchisi qo‘lga olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. B.M. agar aybdor deb topilsa, unga nisbatan 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin.

Kiritildi: 13:41 16.01.2019. O'qildi: 2420 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!