Bugun 27 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

Qanoat va halollik

A A A
Qanoat va halollik

Abu Ja’far Mansur (abbosiy xalifalardan) xalifalikka saylanganda elchilar, turli mansab kishilari unga salomlarni yetkazgani va xalifalikka saylangani bilan tabriklagani kela boshlashdi.

Shu orada bir keksa kishi ham keldi. Uni ko‘rgan Abu Ja’far “Bu qariya hozir bizga o‘lim haqida gapirib, ko‘nglimizni dunyodan uzishga chaqiradi. Men o‘zim u gap boshlamasidan oldin bizga mav’iza qilishini so‘rayman” dedi va “Ey qariya, bizga nasihat qiling” dedi. Shunda boyagi kishi “Ey mo‘minlarning amiri, sizga ko‘rgan narsamni gapiraymi yoki eshitgan narsamnimi?” deb so‘radi. Abu Ja’far “Ko‘rgan narsangizni gapiring. Chunki, ko‘riladigan narsa odatda eshitiladigan narsadan kam uchraydi” dedi.

Shunda haligi keksa kishi: “Ey mo‘minlarning amiri, men Umar ibn Abdulaziz rahimahullohni ko‘rdim. Vafot etganda, o‘zidan o‘n bitta farzand qoldirdi. Farzandlariga o‘n sakkiz dirham meros qoldirdi. O‘zi besh dirhamga kafanlandi, to‘rt dirhamga qabr kavlatildi, qolgan to‘qqiz dirham esa, farzandlari orasida taqsimlandi. Har bir bolaga bir dirhamdan kamroq ulush tegdi.

Yana Hishom ibn Abdulmalik (ummaviylar xalifasi)ni ham ko‘rdim. Vafot etganda, ortidan bir qancha farzandlar va to‘rtta xotini qoldi. Har bir xotiniga sakson ming dinor oltin meros tegdi.

(Ma’lumki, agar erning farzandi bo‘lsa, xotiniga merosning sakkizdan biri tegadi. Shu sakkizdan bir ulush esa, to‘rtta xotinga teng taqsimlanadi. Agar har bir xotinga sakson ming dinor ulush tekkan bo‘lsa, u holda to‘rtta xotinga berilgan meros uch yuz yigirma ming dinor bo‘ladi. Bu Hishom ibn Abdulmalik qoldirgan dinorlarning sakkizdan biridir. Demak, dinorlarning sakkizdan biri uch yuz yigirma ming dinor bo‘lsa, qolgan dinorlar bundan ham ko‘pligi ma’lum bo‘ladi. Bular hali merosning dinorlardan iborat qismidir. Hishomdan yana ko‘chmas mulklar, bog‘u rog‘lar va boshqa boyliklar ham qolgan).

Oradan bir muddat o‘tgach, Umar ibn Abdulaziz rahimahullohning o‘g‘illaridan birini ko‘rdim. U yigit otasidan bir dirhamdan kamroq meros olgan edi. Shu yigit o‘z molidan Alloh yo‘lida jang qilish uchun yuzta chavandozni ot-ulov, kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan ta’minlaganini ko‘rdim.

Yana Hishom ibn Abdulmalikning o‘g‘illaridan birini ham ko‘rdim. U qo‘lini ochib, odamlardan “Sadaqa beringlar!” deb sadaqa so‘rayotgan edi”.

Otasidan millionlab dinorlarni meros qilib olgan o‘g‘ilning ahvolini ko‘ring!

Manba: zamin.uz

Kiritildi: 19:51 29.08.2018. O'qildi: 2294 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik