Bugun 16 oktyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Qamchiq dovonida 90 gektarlik turizm maskani barpo etiladi

Qamchiq dovonida 90 gektarlik turizm maskani barpo etiladi

Namangan viloyati hududidan o‘tuvchi Qamchiq dovonida zamonaviy dor yo‘li va dam olish majmuasi quriladi. Loyiha xalqaro kompaniya va mahalliy investor hamkorligida amalga oshiriladi.

Namangan viloyatidan o‘tuvchi Qamchiq dovonida yangi turizm maskani tashkil etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha vodiyni poytaxt bilan bog‘laydigan muhim transport yo‘nalishi bo‘ylab amalga oshirilib, 90 gektar maydonni qamrab oladi.

Loyiha doirasida zamonaviy dor yo‘li, dam olish va sport majmualari qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlarini Avstriyaning «Doppelmayr/Garaventa» guruhi amalga oshiradi. Mazkur kompaniya kanatli yo‘llar va gondolalar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, hozirgacha 96 mamlakatda 15 mingdan ortiq shunday tizimlarni loyihalashtirgan.

13 oktyabr kuni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov «Doppelmayr/Garaventa» guruhi vakillari — Joxannes Triyebnik, Valeriy Yashin va Yevgeniy Kuprin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda loyihaning ahamiyati hamda qurilish ob’ektlarining texnik yechimlari muhokama qilindi.

Hokimlik ma’lumoticha, loyihani moliyalashtirish Namangandagi yirik tadbirkorlardan biri, «Aisha Group» kompaniyasi rahbari Jobirxon Kamalitdinov tomonidan amalga oshirilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qamchiq dovonidagi mazkur majmua ichki turizm rivojiga katta hissa qo‘shadi va xorijiy sayyohlar uchun ham yangi jozibali manzilga aylanadi.

Shuningdek, Namangan viloyatidagi Norin daryosining sohilida ham 30 gektarlik turizm maskani qurilishi boshlangan. Bu yerda sport maydoni, cho‘milish havzasi, kemping va dam olish hududlari barpo etiladi. Mahalliy hokimlikning ma’lumoticha, mazkur loyiha bo‘yicha qurilish ishlari 2025 yil iyuligacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

Kiritildi: 12:04 15.10.2025. O'qildi: 329 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!