Bugun 19 aprel, 2026 yil, yakshanba

КИР

Qalam ahli maqolasini yozsin, to‘p tepishni esa operatorlarga qo‘yib bering

A A A
Qalam ahli maqolasini yozsin, to‘p tepishni esa operatorlarga qo‘yib bering
OAV vakillari o‘rtasida o‘tayotgan mini-futbol musobaqasining hal qiluvchi finaliga texnik xodimlar yo‘llanma olishdi, ijodkorlar esa bosh sovrindan “quruq” qolishdi 
 
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining mamlakat futbol assosiasiyasi bilan hamkorlikda jurnalistlar va nashriyot xodimlari o‘rtasida o‘tkazayotgan mini-futbol musobaqasining hal qiluvchi pallasiga ham yetib kelindi. Bugun mazkur musobaqaning chorak va yarim final uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati musobaqaning bosh sovriniga da’vogarlik qilish televideniye vakillari “chekiga” tushdi. 
 
Boshidan boshlasak. Musobaqaning chorak finaliga sayt va gazetalar vakillaridan bittadan jamoalar yo‘l olishgan bo‘lsa, qolganlarini televideniye va nashriyotlar jamoalari tashkil etishdi. Murosasiz kechgan o‘yinlarda televideniye vakillari – MTRK va "Zoʻr TV futbolchilari raqiblari – “O‘zbekiston” NMIU va “Monitoring” jamoalarini yengib, yarim finalga yo‘llanma olishdi. Shuningdek, “Sharq” jamoasi “O‘qituvchi”, “Xalq so‘zi” tahririyati futbolchilari esa bizning agentligimiz vakillarini mag‘lub etishib, keyingi bosqichga chiqishdi. To‘rtala o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchragan jamoalar o‘zlarini yenggan jamoalar tarkibida chetdan o‘yinchi yollanganligini isbotlashga urinishdi. 
 
Bu kelishmovchiliklar final yo‘llanmasi uchun kechgan yarim final o‘yinlarida ham takrorlandi. Televideniye jamoalarining har ikkalasi ham deyarli teng kurashlar ostida kechgan o‘yinlarda g‘alaba nashidasini surishdi – MTRK “Xalq so‘zi” jamoasini, Zoʻr TV esa “Sharq”ni yengib qo‘ydi. 
Shu tariqa musobaqaning bosh sovrini chinakam qalam ahli vakillariga emas, balki televideniyening texnik xodimlariga nasib etadigan bo‘ldi. Televideniye tarkibida ham haqiqiy ijodkorlar – muharrirlarmi, sharhlovchilarmi, boshlovchilarmi, boring ana, suxandonlarmi, bo‘lganida qanday chiroyli bo‘lar edi. Vaholanki, MTRK maydonda to‘p surayotganida jamoa asoschilaridan biri, futbol ishqibozlari hurmat qiluvchi Murod Rizayev faqat chetdan yordam berish bilan kifoyalandi, "Zoʻr TV"da esa bunday “vazifani” taniqli aktyor, boshlovchi Alisher Uzoqov amalga oshirib turdi. Shularning o‘zlari maydonda chopishganida edi, ortiqcha gap-so‘zlarga hojat qolmasdi. 
 
Bunda barcha aybni musobaqa tashkilotchilariga ag‘darish fikridan yiroqmiz. Turnir o‘tkazish va unda ishtirok etishdan maqsad – sovrin yoki birnimalikli bo‘lish emas, balki hamkasb do‘stlarning diydori, bir bahya bo‘lsa-da, ishdan chalg‘ib, salomatligimiz yo‘lida biroz mashq qilish, futbol targ‘ibotida bevosita emas, bilvosita ishtirok etish, futbolning sir-sinoatlarini his etish ekanligini unutmasak bo‘lgani... 
 
4 dekabr. 
Chorak final. 
Zoʻr TV – “O‘zbekiston” NMIU – 1:0 
“Sharq” – “O‘qituvchi” – 2:1 
“Monitoring” – MTRK – 0:1 
O‘zA – “Xalq so‘zi” – 0:4 
 
Yarim final 
Zoʻr TV - “Sharq” – 1:0 
MTRK – “Xalq so‘zi” – 2:1 
 
5 dekabr 
Uchinchi o‘rin uchun 
“Sharq” - “Xalq so‘zi” 
 
Final 
Zoʻr TV – MTRK 
Manba: uza.uz
Kiritildi: 21:20 04.12.2018. O'qildi: 1644 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!