Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Qadimgi dunyo davlatlarida jinoyat va jazo

A A A
Qadimgi dunyo davlatlarida jinoyat va jazo

Ma’lumki, jinoyat va jazo masalalari qadimgi dunyo davlatlarida ham bo‘lgan. Masalan, qadimgi Misrda davlat sirlarini oshkor qilish og‘ir jinoyat bo‘lib, bu jinoyatni sodir etgan aybdor shaxslarning tili kesib tashlangan. Shuningdek, qalbaki narsalarni yasash va tayyorlash ham jinoyat hisoblanib, aybdorlarning qo‘li chopilgan. Hayratlanarli jihati, qalbaki muhrlar, pullar yasaganlarning chap va o‘ng qo‘llari, soxta tosh-tarozilardan foydalangan kishining esa tana a’zolaridan biri kesilgan.

Bundan tashqari, qasamxo‘rlik jinoyatlari, odam o‘ldirish va ayrim holatlarda yolg‘on xabar berganlik uchun aybdorlar o‘lim jazosiga hukm qilingan. Otasining umriga zomin bo‘lgan qotil farzandning tanasidan go‘shtlari sug‘urib olinib, keyin tikanlarga yotqizilgan va qotillik jinoyatiga qo‘l urgan padarkush farzand olovda yoqib yuborilgan.

Ta’kidlash joizki, o‘g‘irlik jinoyati uchun og‘ir jazo tayinlangan. O‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan aybdor shaxsning qo‘lini kesish belgilangan. Shuningdek, xotinning eriga xiyonati va bevafolik qilishi og‘ir jinoyat, deb e’tirof etilgan va bu jinoyatni sodir etgan shaxsning burni kesilgan.

Qadimgi Mesopatamiya davlatida

Qadimgi Mesopatamiya davlatida birovni odam o‘ldirishda yolg‘ondan ayblovchilarga va yolg‘on ko‘rsatma berish oqibatida biror bir kishi uchun o‘limga mahkum etilish xavfini tug‘dirgan shaxslarga o‘lim jazosi tayinlangan. Agar shifokor ehtiyotsizlik natijasida bemorni o‘ldirib qo‘ysa, uning qo‘li kesilgan.

Qadimgi Hindistonda

Davlat va ijtimoiy tuzumga qarshi har qanday suiqasd qilgan kishi o‘lim jazosiga hukm qilingan. O‘z davlatini yoki qishlog‘ini qattiq ovoz chiqarib so‘kkan kishiga eng yuqori jarima jazosi tayinlangan. Shuningdek, Braxmanni o‘ldirish eng og‘ir jinoyat hisoblangan. Ammo braxman odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan bo‘lsa, unga o‘lim jazosi hukm qilinmagan va u mamlakatdan quvib yuborilgan. Birinchi marta o‘g‘irlik qilgan kishining ikkita barmog‘i, ikkinchi marta o‘g‘irlik qilgan kishining qo‘li va oyog‘i kesilgan. Uchinchi marta o‘g‘irlik qilgan kishi o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Qadimgi Xitoy davlatida

Qasddan qilingan tuhmat uchun og‘ir jazo qo‘llanilgan. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan kishi og‘ir jazoga hukm qilingan, ichkilikbozlik qilgan kishiga o‘lim jazosi tayinlangan.

Qadimgi Yunoniston davlatida

Biror kishiga qasddan tan jarohati yetkazgan kishining mol-mulki musodara qilinib, u mamlakatdan haydab yuborilgan. Qasddan odam o‘ldirish, davlatga xiyonat, xudosizlik kabi jinoyatlar uchun o‘lim jazosi berilgan. Agar o‘g‘ri jinoyat sodir etgan joyida qo‘lga olingan bo‘lsa, u qamoq jazosiga hukm qilingan, kechasi o‘g‘irlik qilgan shaxsga o‘lim jazosi tayinlangan.

Xulosa o‘rnida aytganda, davlatchilik rivojlanishi jarayonida jinoyat turlari va ularga beriladigan jazolar ham shakl­lanib, o‘zgarib borgan.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 00:54 06.08.2018. O'qildi: 14269 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik