Bugun 23 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Qabul kvotasi ko‘paydi

A A A
Qabul kvotasi ko‘paydi

Samarqand davlat universitetida o‘qish uchun 2017 yilda 25 ming nafardan ortiq abituriyent hujjat topshirgan. Ular bakalavr yo‘nalishlarida 2 ming 10 ta qabul kvotasi uchun sinovda ishtirok etgan.

Bu yil esa qabul kvotasi avvalgi yilgidan ancha oshirildi, ya’ni 2 ming 520 ta etib belgilandi. Shuningdek, magistratura yo‘nalishi uchun 278 o‘rin (o‘tgan yili 209 ta) ajratildi.

 

– 2018/2019 o‘quv yili uchun 36 bakalavr yo‘nalishida davlat granti asosida 650 nafar, to‘lov-shartnoma bo‘yicha 1 ming 870 nafar yosh o‘qishga qabul qilinadi, – deydi universitet qabul komissiyasi mas’ul kotibi R.Mirzayev. – 41 magistratura mutaxassisligida talabalarning 71 nafari davlat granti, 207 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, yetti yo‘nalish bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limga 750 nafar yoshlarni qabul qilish ko‘zda tutilgan. Bunda qabul kvotasining salmoqli qismi (270 tasi) maktabgacha ta’lim yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash uchun ajratilgan.

 

Bu yil universitetda beshta yangi – pedagogika va psixologiya, maktabgacha ta’lim, falsafa, tuproqshunoslik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi yo‘nalishlari ochildi. Magistraturada ham shu davrgacha mavjud bo‘lmagan zoologiya, materiallar va moddalar kimyosi, geliofizika va quyosh energiyasidan foydalanish mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga kirishiladi.

 

Avvalgi yillardan farqli ravishda, bu yil yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bunday toifa abituriyentlarga 2018/2019 o‘quv yili uchun Samarqand davlat universitetida 13 kvota ajratilgan. Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

 

Harbiy xizmatchilarning farzandlari ham qo‘shimcha davlat grantlari asosida, imtiyozli tarzda o‘qishga qabul qilinadi. Bu borada hozirda tegishli tartiblar ishlab chiqilmoqda.

 

Yana bir yangilik ijodiy imtihonlar bilan bog‘liq. Shu vaqtgacha tegishli ta’lim yo‘nalishlarida abituriyentlar fan bloklari bo‘yicha ijodiy imtihon va test sinovlari topshirar edi. Joriy yildan boshlab ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlarda test sinovlari o‘tkazilmaydi. Ya’ni, universitetning jismoniy madaniyat, xotin-qizlar sporti, tasviriy san’at, musiqa ta’limi yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar faqat ijodiy imtihon topshiradi. Imtihon shakli davlat qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.

 

Xorijiy davlatlar fuqarolarini o‘qishga qabul qilish ham qabul kvotalari cheklanmagan miqdorda, suhbat tarzida o‘tkaziladi. Ular belgilangan tartibda to‘lov-shartnoma asosida tahsil olishi mumkin.

 

Abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida hujjatlar universitetning fizika-kimyo va biologiya fakultetlarida qabul qilinmoqda. Maxsus sirtqi bo‘limdagi yo‘nalishlar bo‘yicha ham hujjatlarni alohida binoda – kasbiy ta’lim fakultetida qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun mazkur bino va uning atrofida zarur sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarga oid ma’lumotlar oynasi, qabul komissiyasi faoliyati, universitet tarixi va bugungi kunidan hikoya qiluvchi ko‘rgazmali vositalar o‘rnatildi. Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, tibbiyot xonasi tashkil etildi.

 

Komissiyaning samarali ishlashi, abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish uchun har bir yo‘nalishga tajribali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar jalb etilgan. Hujjat qabul qilish jarayonini sifatli amalga oshirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari va boshqa imkoniyatlardan samarali foydalanilmoqda. Hujjat topshirgan har bir abituriyent suratga olinib, u haqdagi ma’lumotlar davlat test markaziga yuborilmoqda. Umuman, topshirilgan har bir hujjat haqidagi ma’lumot shu zahoti umumiy tarmoqqa kiritiladi.

O‘zA

Kiritildi: 16:20 18.06.2018. O'qildi: 2580 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik