Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh rahbari Donald Trampga yuqori baho berib, uni jasur shaxs sifatida tilga oldi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh rahbari Donald Tramp haqida fikr bildirib, uni «jasur» deb atadi. U Trampni og‘ir va xavfli siyosiy yo‘lni bosib o‘tib, yana hokimiyatga qaytgani uchun hurmat qilishini bildirdi.
Putin, shuningdek, Rossiya va AQSh prezidentlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, bu tashabbusni Rossiya tomoni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Ukrainadagi urush yuzasidan Tramp tomonidan bildirilgan fikrlarga to‘xtalar ekan, Putin uning urinishlari samimiy ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, muammoga bevosita aralashgandan so‘ng Tramp vaziyatning murakkabligini anglab yetgan.
Rossiya rahbariga ko‘ra, AQSh bilan munosabatlar Trampning ishtiroki tufayli asta-sekin barqarorlashmoqda. U diplomatik aloqalar to‘liq tiklanmaganini, ammo birinchi qadamlar tashlanganini qayd etdi.
Putin Rossiya Federasiyasi va AQSh iqtisodiy hamkorlikda yaxshi istiqbollarga ega ekanligini, Amerika biznesi Rossiya bozoriga qaytishga intilayotganini ta’kidladi. «Iqtisodiy hamkorlik sohasida juda yaxshi istiqbolga egamiz. Bilishimizcha, Amerika biznesi bozorimizga qaytish istagini anglatuvchi signallar yubormoqda. Biz buni, albatta, mamnuniyat bilan kutib olamiz», deya qo‘shimcha qildi u.