Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
"Rossiya prezidenti Vladimir Putin, uning yordamchisi Yuriy Ushakov va prezidentning maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar jamg‘armasi bosh direktori Kirill Dmitriyev AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Trampning kuyovi Jared Kushner hamda Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum bilan yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazdi", deyiladi Kreml xabarida.
Ma’lum qilinishicha, 3,5 soat davom etgan uchrashuvda Ukrainada tinchlik o‘rnatish, G‘azodagi vaziyat, “Tinchlik kengashi”, Grenlandiya va muzlatilgan aktivlar masalalari muhokama qilingan.
Tomonlar 23 yanvar kuni Abu-Dabida yana uchrashishga kelishib oldi. Qayd etilishicha, BAAda Rossiya, AQSh va Ukraina delegasiyalari o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar ham bo‘lib o‘tadi.