Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi yilgi xalqqa murojaatida koronavirus epidemiyasi hali to‘liq to‘xtatilmaganligini ma’lum qildi, deb yozdi “RIA Novosti”.
«Bugun o‘zimizga ishonishimiz, qiyinchiliklar oldida chekinmaslik, birligimizni himoya qilish juda muhim, bu kelajakdagi umumiy muvaffaqiyatimizning asosidir. Ishonchim komilki, biz birgalikda hamma narsani yengib o‘tamiz, normal hayotni o‘rnatamiz va tiklaymiz, yangi kuch bilan Rossiya oldida turgan muammolarni hal qilishda davom etamiz", degan Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 epidemiyasi hali to‘liq to‘xtamagan, biroq ayni paytda unga qarshi kurash "bir daqiqaga ham to‘xtamaydi".
Siyosatchining ta’kidlashicha, shifokorlar, hamshiralar va boshqa xodimlar "mardlik bilan ishlashda davom etishadi".
Shuningdek, Rossiya rahbari hamma fuqarolarning ham Yangi yil dasturxoni atrofida emasligidan afsusda ekanligini bildirgan.
“Kasalxonalarda hali ham ko‘p odamlar bor va men ularning hammasi o‘z oilalari hamda do‘stlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini his qilishlariga aminman. Sizlarga, azizlarim, kasallikni yengib, tezroq uyingizga qaytishingizni chin dildan tilayman”, dedi Putin.