Rossiya prezidenti Vladimir Putin ovoz berish natijalari rasman e’lon qilinmaguncha AQShning saylangan prezidentini saylovlardagi g‘alabasi bilan tabriklamaydi. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
«Putin AQShning saylangan prezidentini g‘alaba bilan tabriklashi haqidagi savolingizni oldindan bilgan holda, men quyidagilarni aytmoqchiman: biz saylov natijalarining rasmiy e’lon qilinishini kutish to‘g‘ri deb bilamiz», degan Peskov.
U to‘rt yil avval Putin Donald Trampni yakuniy natijalarni kutmasdan tabriklaganligi haqidagi savolga ham javob bergan.
«Farqi yaqqol ko‘rinib turibdi. Hozirda amaldagi prezident tomonidan e’lon qilingan muayyan huquqiy proseduralar bor. Shu sababli rasmiy e’lonni kutishni to‘g‘ri deb bilamiz.
Eslatib o‘tishni istardimki, prezident Putin bir necha marta Amerika xalqining har qanday tanlovini hurmat qilishini aytgan, demak u AQShda kim prezidentlikka saylansa ham u bilan ishlashga tayyor», degan prezident matbuot kotibi.