Erling Xolandning klubini almashtirishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar yanada kuchaydi. Bunga "Manchester Siti"ning moliyaviy qoidalarni ko‘p marotaba buzganlikda aybdor deb topilgani sabab bo‘lmoqda.
"Shaharliklar" Angliya Premyer-ligasidan chetlatilishi mumkin va agar shunday holat yuz bersa, klub o‘zining bir qator yulduz futbolchilari bilan xayrlashishi ehtimoli bor.
El Nacional nashri "Real" va "Barselona"ni Xoland uchun asosiy da’vogarlar sifatida ko‘rsatdi. Shu bilan birga, manba Le Parisien ma’lumotiga tayanib, norvegiyalik to‘purar uchun kurashda La Liga grandlarini "PSJ" ortda qoldirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Parij klubi prezidenti Nasser Al-Xelaifi Xolandni o‘z jamoasiga olib kelish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor.
"PSJ"da Erling Xoland Usman Dembelening o‘rnini egallashi mumkin. Fransiyalik futbolchining Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi ehtimoli ham istisno qilinmayapti.
26 yoshli Xolandning transfer qiymati Transfermarkt portali tomonidan 220 million yevroga baholanmoqda.